Kubarci Alvares va Bastoni transferi haqida fikr bildirdi

«Barselona» markaziy himoyachisi Pau Kubarci klubning Xulian Alvares hamda Alessandro Bastoniga qiziqishi yuzasidan o‘z fikrlarini aytdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Madridning «Atletiko»si hujumchisi Alvares va «Inter» markaziy himoyachisi Bastoni «ko‘k-anorranglilar»ning transfer ro‘yxatida tilga olinmoqda. Biroq kataloniyaliklarning moliyaviy muammolari sabab bu futbolchilardan kamida birini olib kelish ham oson bo‘lmasligi ta’kidlanmoqda.
«Alvaresni olib kelish? Xulian — top darajadagi futbolchi, jahon klassidagi hujumchi. Men unga qarshi o‘ynaganman. U «Barselona» talablari va uslubiga mos keladi, deb o‘ylayman», — dedi Kubarci.
Himoyachi Bastoni haqida ham u iliq fikr bildirdi: «U ajoyib himoyachi. Men uning o‘yinini bir necha bor ko‘rganman, barchamiz uning nimalarga qodirligini bilamiz. Lekin hammasi klubga bog‘liq», — deya Kubarci so‘zlarini keltiradi Barca Universal.
Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, Alvaresning bozor narxi 100 mln yevro, Bastoniniki esa 80 mln yevroga baholanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!