Xyoness Klopp murabbiylikka qaytishi kerakligini ta'kidladi

Myunxenning “Bavariya” klubi faxriy prezidenti Uli Xyoness Yurgen Kloppning “Red Bull” tizimidagi faoliyatiga munosabat bildirdi. U sobiq “Borussiya” Dortmund va “Liverpul” murabbiyi hozir o‘ziga mos bo‘lmagan vazifani bajarayotganini aytdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Xyoness fikricha, Klopp jamoa boshqaruvida, murabbiylar o‘rindig‘ida bo‘lishi kerak, dunyo kezib ma’ruzalar bilan yurish esa uning uslubiga to‘g‘ri kelmaydi. “U futbolchilarni ruhlantirishda juda kuchli. Yurgen Zaltsburgda yoki Braziliyada bo‘lib turgan paytda “RB Leyptsig”ga qanday ta’sir o‘tkaza oladi?” — deya Xyonessning so‘zlarini Bild nashri keltiradi.
Klopp murabbiylik faoliyati davomida “Maynts”, Dortmundning “Borussiya”si va “Liverpul”ni boshqargan. Nemis mutaxassisi 2024 yilda ingliz grandini tark etgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!