Arbeloa Realdagi ruhiy muammo sababini tushuntirdi

Madridning “Real” jamoasi bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa La Liganing navbatdagi turida “Osasuna”ga 1:2 hisobida yutqazib qo‘yilgan uchrashuvdan keyin mag‘lubiyat sabablariga to‘xtaldi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Pamplona klubi 38-daqiqada Ante Budimir, 90-daqiqada esa Raul Garsiya urgan gollar evaziga g‘alabani ilib ketdi. “Real”ning yagona javob to‘pini 73-daqiqada Vinisius Junior kiritdi.
O‘yindan so‘ng Arbeloa jamoasining kayfiyat borasidagi muammolari haqida gapirar ekan, fikrini aniqroq qilib berdi.
“Ehtimol, men unchalik to‘g‘ri ifodalamagandirman. Men bizda ishtiyoq kam demoqchi emasdim. Masala boshqa: biz raqiblarning ishtiyoq darajasiga mos bo‘lishimiz kerak. Chunki ‘Real’ga qarshi hamma alohida ruh bilan maydonga tushadi”, — dedi Arbeloa matbuot anjumanida.
Madrid grandi yakshanba kuni “Barselona” “Levante”ni mag‘lub etsa, turnir jadvalidagi peshqadamlikdan ayrilishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!