Ekspertlar Husanov va boshqa futbolchilar harakatlarini qanday baholadi?

Angliya Premer-ligasining 27-turida “Manchester Siti” o‘z muxlislari qarshisida “Nyukasl Yunayted”ni 2:1 hisobida yengib, chempionlik poygasida yana bir muhim qadam tashladi. Ushbu g‘alabadan keyin Xosep Gvardiola shogirdlari liga peshqadami “Arsenal” bilan oradagi farqni ikki ochkogacha qisqartirishga muvaffaq bo‘ldi.
Uchrashuvda e’tibor markazida bo‘lgan jihatlardan biri — O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanovning ikkinchi taymdagi chiqishi bo‘ldi. U tanaffusdan keyin Ruben Diash o‘rniga maydonga tushdi va “Nyukasl”ning tezkor hamda o‘tkir qarshi hujumlarini bartaraf etishda jonbozlik ko‘rsatib, “Siti” himoyasida tartibni tiklashga katta hissa qo‘shdi.
Nufuzli manba hisoblangan esteemedkompany.com sayti ekspertlari “Manchester Siti” futbolchilarining harakatlarini baholab chiqdi. Quyida ularning fikrlari asosida o‘yin manzarasiga yana bir bor nazar tashlaymiz.
Janluiji Donnarumma — 7,5/10
Gol o‘tkazilgan epizodda darvozabondan mo‘jiza kutish qiyin edi. Shunga qaramay, u bir necha muhim seyvlarni amalga oshirdi. Eng asosiysi, Donnarumma bu safar to‘pni oyoq bilan o‘ynashda ancha ishonchli va ta’sirli ko‘rindi — bosim ostida ham xotirjam qoldi.
Mateush Nunesh — 6/10
Bu bellashuvda Nunesh o‘z ishini bajardi, pozitsiyasini yo‘qotmadi, ammo ko‘zga yaqqol tashlanadigan biror “o‘tkir” ishi bilan ajralib chiqmadi.
Ruben Diash — 6/10
Diashning o‘yini murabbiylar shtabiga to‘liq ma’qul kelmadi. Uning ustiga sariq kartochka ham olib qo‘ydi. Natijada tanaffusda Husanov bilan almashtirildi — va bu qaror o‘yin taqdiriga ta’sir qilgan harakatlardan biri bo‘ldi.
Mark Gexi — 7/10
Uchrashuv boshidagi biroz asabiy lahzalardan keyin u himoyada ancha mustahkam ko‘rindi, pozitsion harakatlarda o‘zini to‘g‘ri tutdi.
Rayan Ayt-Nuri — 7/10
Ayniqsa o‘yin avvalida hujumlarga yaxshi ulandi. Biroq uning asosiy plyusi — butun bahs davomida himoyada barqaror va intizomli o‘ynagani bo‘ldi.
Rodri — 8,5/10
Rodri bugun ham “Siti”ning pleymeykeri ekanini isbotladi. Maydondagi liderligi, to‘p nazorati, qaror qabul qilish tezligi jamoa g‘alabasida hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.
Bernardu Silva — 6,5/10
Eng yuqori darajadagi o‘yini emas, lekin Bernardu doimgidek “ko‘rinmas mehnat” qildi: bosim, qayta to‘p olish, pozitsiya almashish — barchasi jamoaga xizmat qildi.
Niko O’Rayli — 9/10
Shubhasiz, bahs qahramoni. Dubl qildi, jamoani olg‘a yetakladi va endi u “Siti” uchun shunchaki yosh iste’dod emas — real tayanch futbolchilardan biriga aylanib borayapti.
Antuan Semeno — 6/10
O‘yinning ritmini o‘zgartirishi mumkin edi, ammo zarbalarda aniqlik yetishmadi. To‘pga egalik qilishda ham ba’zida beparvolik qildi — “Nyukasl”ga qarshi bunday xatolar kechirilmaydi.
Umar Marmush — 7/10
Golli uzatma muallifi bo‘ldi, almashtirilguniga qadar faol harakat qildi. Undan hujumda yanada ko‘proq keskinlik kutsa bo‘ladi.
Erling Xoland — 8,5/10
O’Rayliga golli pas berdi. Umuman, Xoland bugun juda yorqin o‘ynadi: hujumda foydali, himoyada ham jamoaga yordam berdi. Yetakchi bo‘lish nima ekanini amalda ko‘rsatdi.
Abduqodir Husanov — 7,5/10
Maydonga tushgach, Husanov “o‘yinni yig‘ib” berdi. Uning tezligi, yakkakurashlardagi qat’iyligi “Nyukasl”ning qarshi hujumdagi shiddatini pasaytirishda juda qo‘l keldi. Ayniqsa, tezkor jamoalarga qarshi o‘yinlarda Abduqodirning jismoniy tayyorgarligi “Siti” uchun alohida plyus bo‘lib turibdi.
Rayan Sherki — 7/10
Yaratgan vaziyatlari golga aylanganida, natija yanada ishonchli ko‘rinish olishi mumkin edi. Bosim ostida ham xotirjam qaror qabul qilishi mutaxassislar e’tiborini tortdi.
Endi “Manchester Siti” Premer-ligadagi navbatdagi bahsini 28-fevral kuni safarda “Lids”ga qarshi o‘tkazadi. Chempionlik poygasi qizishgan paytda har bir ochko oltin — “Siti” esa bu oltinlarni yig‘ishni juda jiddiy boshladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!