«Barselona»ning chempion bo‘lish ehtimoli «Real»nikidan yuqori baholandi

Chempionlik poygasi qizib turgan bir pallada Opta hisob-kitoblari muxlislarning kayfiyatiga yana bir “tok” berdi. Statistik portal superkompyuteri bahosiga ko‘ra, "Real"dan ko‘ra aynan “ko‘k-anorranglilar”ning chempionlikka yaqinligi yuqoriroq ko‘rinyapti.
Hammasi so‘nggi turdagi natijalardan keyin yanada ravshanlashdi. Kataloniyaliklar o‘z maydonida "Levante"ni 3:0 hisobida ishonchli tarzda yengib, chempionat jadvalida yuqoriga qayta ko‘tarildi. Bir kun avval esa madridliklar safarda "Osasuna"ga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lib, peshqadamlikdagi pozitsiyasiga “chiziq” tushirib qo‘ydi.
Shu fonga Hans-Diter Flik shogirdlarining jadvalda raqibini bir ochkoga ortda qoldirgani ham qo‘shildi. Ya’ni, bitta bahs — va ssenariy tubdan o‘zgaryapti: kecha “hammasi qiyin” deyilsa, bugun “hammasi mumkin” degan kayfiyat.
Opta superkompyuteri hisob-kitobiga ko‘ra, ayni paytda “Barselona”ning chempionlik ehtimoli 59,46 foiz, madridliklarning imkoniyati esa 40,35 foiz deb baholangan. Bu raqamlar bir narsani aytyapti: poyga — ikki otli, ammo tezlik har turda almashishi mumkin.
Qolgan jamoalarga kelsak, jumladan "Atletiko" ham 25-turdan so‘ng deyarli real chempionlik kurashidan uzoqlashib qolgani qayd etilmoqda. Demak, intriga asosan “El Klasiko” kayfiyatida — ikkita grand o‘rtasida davom etadi.
Eng qizig‘i — oldindagi turlarda har bir ochko “oltin”ga aylanadi. Jamoalardagi jarohatlar, tanaffuslar, bosim va taqvim zichligi hal qiluvchi omilga aylanishi mumkin. Qisqasi, mavsumning final qismi endi boshlanyapti: kim asabini ushlab tura olsa, o‘sha sovringa yaqinlashadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!