"Nyukasl" gollar shousida "Qorabog‘"ni yana mag‘lubiyatga uchratdi (video)

Chempionlar ligasining 1/8 finaliga yo‘llanma beruvchi pley-off bosqichida navbatdagi javob uchrashuvlari ham yakunlandi. Angliyada bo‘lib o‘tgan bahsda “Nyukasl Yunayted” o‘z maydonida “Qorabog‘”ni qabul qildi va sergol, ochiq hamda tomoshabop o‘yinda 3:2 hisobida g‘alaba qozondi.
Aslida, intriganing katta qismi ilk uchrashuvdayoq hal bo‘lib bo‘lgan edi. Chunki birinchi bahsda “Nyukasl” raqibini 6:1 hisobida mag‘lub etgan va amalda keyingi bosqich masalasini hal qilib qo‘ygandi. Shu sabab javob o‘yinida angliyaliklar bosimsizroq, ozarbayjonliklar esa sharaf uchun kurashish rejimida maydonga tushdi.
Uchrashuv juda tez tempda boshlandi. Mezbonlar 4-daqiqadayoq hisobni ochib, raqibga bosimni yanada oshirdi — Tonali tabloda birinchi gol muallifi bo‘ldi. Oradan ko‘p o‘tmay, 6-daqiqada Joelinton ikkinchi golni urib, “Nyukasl”ga yanada xotirjamlik bag‘ishladi.
Biroq “Qorabog‘” taslim bo‘lmadi. Ikkinchi bo‘lim boshida Duran hisobni qisqartirib, o‘yinga yana qiziqish qo‘shdi. Shundan so‘ng Botman mezbonlar uchun uchinchi golni urdi. Ammo mehmonlar yana javob qaytarishga muvaffaq bo‘ldi — Jafarquliyev goli “Qorabog‘”ning oxirigacha kurashganini ko‘rsatdi.
Yakunda hisob 3:2 ko‘rinishida to‘xtadi va “Nyukasl Yunayted” ikkinchi marta ham g‘alaba qozonib, ikki o‘yin natijasiga ko‘ra to‘liq ustunlik bilan keyingi bosqichga yo‘l oldi.
“Nyukasl” tarkibi: Ramsdeyl, Tripper, Botman, Joelinton, Tonali, Barns, Osula, D. Myorfi, Voltemade, Byorn, A. Myorfi.
“Qorabog‘” tarkibi: Koxalski, Silva, Yankovich, Montel, Zubir, Duran, Bolt, Bikalo, Jafarquliyev, Huseynov, Medina.
Qisqasi, “Nyukasl” bu juftlikda o‘z kuchini yana bir bor namoyon qildi. “Qorabog‘” esa mag‘lub bo‘lganiga qaramay, javob bahsida xarakter va kurashchanlik ko‘rsatib, maydonni boshini egib emas, oxirigacha jang qilgan holda tark etdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!