date

"Superliga 2026" ilk turi katta intriga bilan boshlanish arafasida

"Superliga 2026" ilk turi katta intriga bilan boshlanish arafasida

O‘zbekiston Superligasida yangi “Mavsum-2026” rasman start oladi. Futbol ishqibozlari uzoq kutgan onlar yetib keldi: birinchi tur bahslari 27 fevral kuni start olib, 1 mart sanasida yakuniga yetadi. Ilk turning o‘ziyoq muxlislarga qiziqarli to‘qnashuvlar, yangi murabbiylar debyuti, prinsipial qarama-qarshiliklar va kutilmagan natijalar ehtimolini taqdim etadi. Qisqasi, chempionatning dastlabki qadamiyoq ancha shiddatli va tomoshabop ruhda o‘tishi kutilmoqda.

27 fevral kuni musobaqaning ilk o‘yini Buxoroda bo‘lib o‘tadi. Soat 18:00 da “Buxoro” o‘z maydonida “Qo‘qon-1912”ni qabul qiladi. Aleksandr Xomyakov boshqaruvidagi mezbonlar yangi mavsumni ishonchli boshlashni maqsad qilgan. Qo‘qonliklar esa yangi bosh murabbiy Andrey Shipilov qo‘l ostida ilk rasmiy uchrashuvini o‘tkazadi. Bu bellashuv o‘ziga xos xos sinov bo‘ladi. Ayniqsa, tarkibini kuchaytirgan “Qo‘qon-1912”dan kutilmalar bor. O‘tgan mavsum “Buxoro” sharafini himoya qilgan gruziyalik hujumchi Toma Tabatadze endi sobiq jamoasiga qarshi harakat qiladi. Bu esa uchrashuvga alohida qiziqish bag‘ishlaydi. O‘yin ehtiyotkor, hisob-kitobga asoslangan ssenariyda kechishi, hatto taqdirini bitta gol hal qilishi ham ehtimoldan xoli emas.

18:45 da “Bobur arena”da “Andijon” hamda “So‘g‘diyona” o‘rtasidagi bahs boshlanadi. Katta maqsadlar bilan yangi mavsumga kirib kelayotgan, tarkibini nomdor va sifatli ijrochilar bilan mustahkamlagan “Andijon”ning chiqishiga qiziqish juda yuqori. Samvel Babayan boshchiligidagi jamoa Superligadagi ilk sinovini aynan jizzaxliklarga qarshi topshiradi. Andijonlik muxlislarning futbolga chanqoq kayfiyati, tribunalardagi shovqin-suron va bayramona muhit hozirning o‘zidayoq tasavvurni qizdirmoqda. Kuchaygan jamoaning qanday o‘yin namoyish etishi ko‘pchilik uchun eng qiziq mavzulardan biri bo‘lib turibdi.

Soat 19:00 da Toshkentda “Paxtakor” va “Qizilqum” o‘rtasidagi to‘qnashuv bo‘lib o‘tadi. “Sherlar” har galgidek chempionlik uchun asosiy da’vogarlar safida tilga olinmoqda. Shu bois ko‘pchilik mezbonlarni favorit sifatida ko‘rayotgani tabiiy. Biroq Navoiy jamoasini hech kim oldindan taslim bo‘ladi, deb o‘ylamasligi kerak. Akmal Rustamov boshchiligidagi “Qizilqum” kuchli raqib uchun noxush syurpriz tayyorlayotgandek taassurot qoldirmoqda. Shuning uchun bu uchrashuv ham oddiy kechmasligi aniq.

28 fevral kuni ham futbol bayrami qizg‘in davom etadi. 18:45 da O‘zbekistonning amaldagi chempioni “Neftchi” “Istiqlol” stadionida “Mash’al”ni qabul qiladi. Tabiiyki, bu juftlikda mezbonlar asosiy favorit hisoblanadi. Tarkib, salohiyat va o‘yin sifati bo‘yicha farg‘onaliklar ustun ko‘rinadi. Shu bilan birga, bu bellashuv ikki murabbiy uchun ham muhim. “Neftchi”ning yangi bosh murabbiyi Islom Ismoilov uchun bu rasmiy debyut bo‘lsa, “Mash’al”ni boshqarayotgan rossiyalik mutaxassis Igor Surov ham yangi lavozimida ilk jiddiy imtihondan o‘tadi. Favoritga qarshi start o‘yini har qanday jamoa uchun og‘ir kechadi. Ammo “Neftchi” o‘z salohiyatini to‘liq ko‘rsata olsa, muxlislarini xursand qilishi mumkin.

Soat 19:00 da “Lokomotiv” va “Surxon” o‘rtasidagi bellashuv boshlanadi. Pro ligada qatnashib, yana Superligaga qaytgan “Lokomotiv” yangi bosqichni munosib tarzda boshlashni istaydi. Raqib esa xarakterli, qaysar va osonlikcha yon bermaydigan “Surxon”. “Temiryo‘lchilar” tarkibini tajribali futbolchilar hisobiga mustahkamladi. Bu esa jamoaga muayyan barqarorlik va xotirjamlik berishi mumkin. Ikki tomon imkoniyatlari deyarli teng ko‘rinayotgani uchun bu o‘yinda kurash oxirgi daqiqalargacha davom etishi mumkin.

Kunning eng markaziy to‘qnashuvlaridan biri esa 19:15 da Samarqandda bo‘lib o‘tadi. “Dinamo” va “Navbahor” bahsi 1-turning haqiqiy bezagiga aylanishi kutilmoqda. Vadim Abramov va Timur Kapadze hujumkor, jozibali futbolni xush ko‘radigan murabbiylardan. Ularning jamoalari ham maqsad, ham ambitsiya borasida bir-biriga yaqin. Sovrinli o‘rinlar uchun oldindanoq kurashishga bel bog‘lagan bu klublar uchun birinchi turdan ochko yo‘qotish istalmagan holat. Shu bois ehtiyotkorlikdan ko‘ra, g‘alaba uchun intilish ustuvor ahamiyat kasb etishi mumkin. Tribunalarda anshlag bo‘lishi ehtimoli juda katta, maydonda esa keskin va shiddatli futbol kutilmoqda.

1 mart kuni birinchi turning so‘nggi uchrashuvlari o‘tkaziladi. 19:00 da OKMK hamda “Bunyodkor” to‘qnashuvi muxlislar e’tiborini o‘ziga tortadi. Bu bahsni shartli ravishda Toshkent derbisi sifatida ham qabul qilish mumkin. “Bunyodkor” ochiq, tezkor va hujumbop o‘yin uslubiga ega jamoa sifatida tanilgan. Mirjalol Qosimov boshqarayotgan OKMK esa bu yil ancha yoshargan tarkib bilan yangi qiyofada maydonga chiqadi. Shu bois olmaliqliklarning yangi mavsumda qanday o‘yin namoyish etishi alohida qiziqish uyg‘otadi.

19:15 da esa Qarshida “Nasaf” va “Xorazm” o‘rtasidagi uchrashuv birinchi turga yakun yasaydi. Ro‘ziqul Berdiyev jamoasi har doim intizomli, muvozanatli va xavfli raqib sifatida e’tirof etib kelinadi. Yangi mavsum oldidan “Nasaf” kutilganidek yirik transferlar qilmadi, aksincha, ayrim yo‘qotishlarga duch keldi. Shu sababli “bu yilgi Nasaf qanday bo‘ladi?”, “o‘yin uslubida o‘zgarish bo‘ladimi?”, “yana medallar uchun kurashadimi?” degan savollar tabiiy ravishda ko‘paygan. 

Biroq Ro‘ziqul Berdiyev yosh iqtidorlarni kashf qilish borasida anchadan beri o‘zini isbotlab kelyapti. Shu jihatdan qaraganda, “Xorazm” uchun ham, boshqa klublar uchun ham “Nasaf” hamon juda jiddiy raqib bo‘lib qolaveradi.

Qisqasi, Superliga-2026 ilk turidanoq futbol ixlosmandlarini befarq qoldirmaydigan manzarani va’da qilmoqda. Yangi murabbiylar, yangi umidlar, yangilangan tarkiblar va katta maqsadlar fon ichida har bir o‘yinda alohida dramaturgiya bor. Endi eng asosiy so‘zni maydonning o‘zi aytadi. Muxlislar esa yana bir bor sevimli chempionati bilan yuzma-yuz qoladi. Agar birinchi tur shunday shiddatda o‘tsa, demak, bu mavsum haqiqatan ham juda qiziq kechadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » "Superliga 2026" ilk turi katta intriga bilan boshlanish arafasida