Qishki transferlar yakuni Yevropa gigantlari qanday kuchaydi

Qishki transfer oynasida odatda katta shov-shuvli bitimlar kam bo‘ladi va bu galgi ro‘yxatdan o‘tkazish davri ham shu holatni yana bir bor tasdiqladi. Shunga qaramay, Yevropaning yetakchi klublari ayrim qiziqarli yurishlar bilan tarkibini yangilashga ulgurdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Fransiya Liga 1’da yirik transferlar ko‘rinmadi, biroq bitta kelishuv baribir ko‘pchilik e’tiborini tortdi: amaldagi chempion PSJ “Barselona”dan 18 yoshli iqtidorli yarim himoyachi Dro Fernandesni 8,2 mln yevroga sotib oldi va sotib olish opsiyasini ishga tushirdi.
“Monako” esa jarohatlar va muammolarga qaramay qishda xarid qilmagan bo‘lsa-da, tarkibni ijaralar orqali to‘ldirdi: himoyachi Vaut Fas “Lester”dan, qanot futbolchisi Simon Adingra esa “Sanderlend”dan vaqtincha olib kelindi.
Qishda eng faolroq harakat qilganlardan biri “Marsel” bo‘ldi. Klub markaziy chiziqni kuchaytirish uchun darhol uch futbolchini sotib oldi: Himad Abdelli (“Anje”, 2,75 mln yevro), Kvinten Timber (“Feyenoord”, 4,5 mln yevro) va Tochukvu Nadi (Belgiya “Zyulte-Varegem”, 6 mln yevro). Bundan tashqari, “Arsenal”dan 18 yoshli Itan Nvaneri ijaraga olindi va u ilk o‘yinlardanoq foyda keltira boshladi.
Italiyada qishki bozor eng serharakat yo‘nalish bo‘ldi. “Atalanta” va “Inter” bittadan transfer bilan kifoyalandi: milanliklar “Modena”dan 23 yoshli yarim himoyachi Yanis Massoleni 3,5 mln yevroga oldi va uni o‘sha klubda ijarada qoldirdi. Bergamoliklar esa Madridning “Atletiko”sidan Djakomo Raspadorini 22 mln yevroga xarid qilib, jiddiy sarmoya kiritdi.
“Yuventus” va “Milan” yangi xaridlar bo‘yicha ehtiyotkor yo‘l tutdi. Turin klubi to‘liq transfer qilmagan bo‘lsa-da, Emil Holmni “Bolonya”dan, Jeremi Bogani esa “Nitssa”dan ijaraga oldi. “Milan” esa “Vest Hem”dan hujumchi Niklas Fyullkrugni ijaraga oldi, shuningdek “Verona”ning 19 yoshli hujumkor yarim himoyachisi Alfadjo Sisseni 8 mln yevroga sotib oldi.
“Napoli” bozorda ancha aniq reja bilan ishladi: jamoa chempionlik poygasida ortda qolgan bo‘lsa ham, Chempionlar ligasiga yo‘llanma uchun kurash niyatida hujum chizig‘ini yangiladi. Neapolliklar Jioavane (“Verona”, 2 mln yevro), Lorenso Lukka (“Udineze”, 26 mln yevro) hamda Alison Santosni (“Sporting”, ijara) tarkibga qo‘shdi.
Ispaniyada “Real” va “Barselona” yirik xaridlarni yozga qoldirgandek: qish ular uchun sokin o‘tdi. Kataloniyaliklar Saudiya Arabistonining “Al-Hilol”idan Joau Kanseluni ijaraga oldi (u 2023/24 mavsumida ham jamoada o‘ynagan), “Real” esa umuman transfer rasmiylashtirmadi.
Qishki bozorda “Atletiko” faol bo‘ldi, biroq bu natijalarga darhol ta’sir qilmadi: fevral boshida madridliklar La Ligadagi uch uchrashuvda atigi bir ochko olib, chempionlik poygasidan uzoqlashdi. Shunga qaramay, klub Obed Vargasni (“Sietl Saunders”, 3 mln yevro), Rodri Mendosani (“Elche”, 16 mln yevro) va Ademola Lukmanni (“Atalanta”, 35 mln yevro) sotib oldi. Simeone aynan nigeriyalik futbolchiga katta umid bog‘layotgani ta’kidlanmoqda.
APLda ham qishki transferlar kamtarona kechdi. Eng qimmat xaridni “Manchester Siti” amalga oshirdi: “Bornmut” vingeri Antuan Semenyoni 72 mln yevroga olib keldi. Shuningdek, “shaharliklar” markaziy himoya muammosini yopish uchun 25 yoshli Mark Gexiga 23 mln yevro sarfladi.
Xarajatlar bo‘yicha keyingi o‘rinda “Tottenhem” turdi: londonliklar Konor Gallaxerni Madridning “Atletiko”sidan 40 mln yevroga sotib oldi, shuningdek Braziliyaning “Santos” klubidan 19 yoshli qanot himoyachisi Souzuni 15 mln yevroga transfer qildi.
“Arsenal”, “Chelsi”, “Liverpul” va “Manchester Yunayted” esa qishda yangi futbolchi olishdan tiyilib, mavsumni mavjud tarkib bilan yakunlashga qaror qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!