00:08 / 25.03.2017
3 525

Suriyaga yutqazmasligimiz ham mumkin edi, agar...

Suriyaga yutqazmasligimiz ham mumkin edi, agar...
O‘zbekiston terma jamoasi Suriyadan mag‘lubiyatga uchradi. Bu haqda ortiqcha gapirib, dardingizni yangilash fikridan yiroqmiz. Faqat futbolimizning oqsayotgani xususida ikki og‘iz gap yozamiz. Aslida ayb kimda? Nimani yoki kimni o‘zgartirishimiz kerak? Shu to‘g‘risida gaplashamiz. Avvalo, raqiblarimiz va o‘sha mamlakatlardagi vaziyatdan boshlaylik.

Suriyada 6 yildan beri urush bo‘ladi. Shu kungacha mamlakatda deyarli aholi qolmagan. Ko‘pchiligi vafot etgan, aksariyati boshqa davlatlarga qochib ketgan. Qolganlari ham yosh bolalar va keksalar. Albatta, ularga rahmimiz keladi. Iloji bo‘lsa, Suriya termasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri jahon chempionatiga olib chiqish kerak. O‘sha erda ham ularga kimdir shafqat qilib, yutqazib berar. Hech bo‘lmaganda “bitta-bitta marojni” eb kelishardi. Balki futbolchilarimiz aynan shu maqsadda mag‘lubiyatga uchrashgandir.

Yo‘q! Suriyaliklar o‘zlarini tahqirlashga yo‘l qo‘yishmayapti. Hatto futbol bo‘yicha bo‘lsa-da, buni yaxshigina eplayapti. Bizga rahmingiz kelmasin, yaxshisi, o‘zingizni o‘ylang, deyotgan bo‘lishi ham mumkin. Buni milliy g‘urur, oriyat uchun kurash deyishadi.

Yoki Eron terma jamoasini olaylik. Hozirda AQSh tomonidan Eronga nisbatan jiddiy xavflar kuzatilmoqda. Donald Tramp garchi Navro‘z bilan tabriklagan bo‘lsa-da, eronliklarni AQShga kiritmaslik bo‘yicha alohida farmon ham imzolagandi. Aslini olib qarasa, ular uvvos solib yig‘lab, uyidan chiqmay o‘tirishi kerak. Lekin futbolchilari o‘zlarining millati uchun jonini berib, butun dunyoga hech kimdan kam emasliklarini isbotlamoqda. Ularga rahmimiz kelmasin, chunki bizga shafqat qilishmaydi.

Qo‘shni guruhga o‘tsak, Iroq ham xuddi yuqoridagi jamoalar kabi nochor ahvolda. Mamlakatda deyarli har kuni portlash, otishma, urush. Lekin kecha Avstraliya bilan durang o‘ynadi, ularning JChdan ham quruq qolishiga sababchi bo‘lishlari mumkin. Xo‘sh, avstraliyaliklar iroqliklarga rahm qildimi? Yo‘q, o‘zlari mehrga zor hozirgi holatda, chunki ulardan keyingi o‘rinda borayotgan yana bir arab mamlakati BAA kuchsiz emas.

Qatar va Saudiya Arabistoni haqida ham shu kabi iliq fikrlarni bildirish mumkin. To‘g‘ri, bu siyosat, biroq futbol siyosatdan xoli emas. Ayni paytda mamlakatlarning nufuzi va yutug‘ini belgilab turuvchi sport turlaridan biri. Axir yurtimizni sportchalik dunyoga tez tanitishning yangi usuli aniqlanmadi hozircha.

O‘zbekistonimiz tinch, xalqimiz farovon, sport sohasida etarlicha yutuqlarga erishyapmiz. Axir bular Vatanimizda sportga ajratilayotgan mablag‘lar samarasi emasmi? Bolalar sportiga alohida e’tibor berilmoqda. Hatto yangi Davlat sport qo‘mitasi tashkil etildi. O‘tgan yilgi Rio olimpiadasidagi muvaffaqiyatlarimizning o‘ziyoq fikrimizni isbotlay oladi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov hamisha ta’kidlagan: “Biz hech kimdan kam bo‘lmaganmiz va kam bo‘lmaymiz ham!”. Bu balandparvoz gap emas, ayniqsa, sport sohasida. Xo‘sh, ayting-chi, kimdan qaerimiz kam?

Futbolga ham kerakli sharoitlar qilib berilgan. Hech noliydigan joyimiz yo‘q. Hukumat tomonidan ajratilayotgan millionlar tufayli futbolchilarimiz (barcha turdagi terma jamoalarimiz) xorijda yig‘in o‘tkazishmoqda, o‘rtoqlik o‘yinlarida maydonga tushishyapti. Qanchadan-qancha legionerlarimiz bor, chet elma-chet el to‘p tepib yurishibdi. Lekin terma jamoadagi natijaga kelganda... Qiziqchilar aytgandek, “boksga muxlislik qilishimiz” kerakmikan yoki?! Davlatimiz bekordan-bekorga pul sarflamayotgandir, uning ham javobi, samarasi bo‘lishi shart axir.

Xo‘sh, unda nima qilish darkor? Balki tarkibni butunlay o‘zgartirib, terma jamoadagi muhitni yangilash payti kelgandir. Ehtimol Samvel Babayanni chetlatib, o‘rniga murabbiy tayinlash lozimdir. Yoki o‘zbek futboli tizimini qaytadan ko‘rib chiqib, tegishli mutasaddilarga choralar qo‘llash mumkin. Hukumat pulini to‘g‘ri taqsimlay olmayotgan amaldorlarimiz bordir balki. Yo‘li ko‘p. Burnimiz tagidagi, hammasi o‘z qo‘limizda bo‘la turib, eplolmayotgan ishimiz — JChga chiqish vazifasini bu gal ham uddalay olmasligimiz tobora oydinlashmoqda!

Nimadir qilish kerak!

Manba: www.qalampir.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Suriyaga yutqazmasligimiz ham mumkin edi, agar...