"Arsenal" yozda qaysi yetakchi futbolchilarini sotishi mumkin?

Londonning "Arsenal" klubi yozgi transferlar oynasida jiddiy o'zgarishlarga tayyorgarlik ko'rmoqda. "The Telegraph" nashrining xabar berishicha, "kanonirlar" Angliya Premyer ligasining moliyaviy barqarorlik qoidalariga amal qilish maqsadida tarkibdagi ayrim futbolchilarni sotishga majbur bo'lishi mumkin. Bu qadam klub byudjetini muvozanatda saqlash uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Eng kutilmagan va muxlislarni sarosimaga solgan xabar bu – jamoa sardori Martin Edegorning sotuvga qo'yilishi mumkinligi haqidagi mish-mishlardir. Garchi bu hali rasmiy tasdig'ini topmagan bo'lsa-da, sardorning ketishi jamoa uchun katta yo'qotish bo'lishi aniq. Shuningdek, klub akademiyasi tarbiyalanuvchilari Itan Nvaneri va Maylz Lyuis Skelli ham transfer bozorida xaridorlar nishoniga aylanishi ehtimoli bor. Ularning sotilishi klub hisob-kitoblarida sof foyda sifatida qayd etiladi.
Bundan tashqari, mutaxassislar qanot hujumchisi Gabriel Martinelli va himoyachi Ben Uaytning ham jamoani tark etish ehtimolini yuqori baholashmoqda. Hozircha "Arsenal" rahbariyati yakuniy qarorga kelmagan bo'lsa-da, klub ichida bu masala qizg'in muhokama qilinmoqda. Yozgi transferlar oynasi "Arsenal" uchun nafaqat yangi futbolchilarni jalb qilish, balki tarkibni moliyaviy talablarga moslashtirish davri bo'lishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!