Real Madrid Rodri transferi bo'yicha yakuniy qarorini ma'lum qildi

Ispaniyaning "Real Madrid" klubi "Manchester Siti" yarimhimoyachisi Rodri bilan bog'liq transfer mish mishlariga rasman munosabat bildirdi. AS nashri xabariga ko'ra, madridliklar yozgi transfer oynasida tarkibni kuchaytirishni rejalashtirayotgan bo'lsa da, ispaniyalik futbolchi klubning asosiy nishonlari ro'yxatiga kiritilmagan.
Klub rahbariyati Rodri "Santyago Bernabeu" stadionida faqat Yevropa Chempionlar ligasi doirasidagi o'yinlarda raqib sifatida maydonga tushishi mumkinligini ta'kidlamoqda. Bunday qarorga bir nechta omillar, jumladan, "Real Madrid"ning yosh va istiqbolli futbolchilarga tayanishga qaratilgan strategik siyosati hamda yarimhimoyachining o'tgan yili olgan jiddiy jarohati sabab bo'lgan.
Eslatib o'tamiz, 2024 yilgi "Oltin to'p" sohibi hisoblangan Rodrining "Manchester Siti" bilan amaldagi shartnomasi 2027 yilga qadar mo'ljallangan. Ayni damda futbolchi "shaharliklar" bilan hamkorlikni uzaytirish masalasini ham ko'rib chiqmoqda. Joriy mavsumda u ingliz klubi safida 24 ta uchrashuvda maydonga tushib, 2 ta gol urishga muvaffaq bo'ldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!