Rodri hakamlarni tanqid qilgani uchun jarimaga tortildi

Angliya futbol assotsiatsiyasi FA "Man Siti" klubi yetakchisi Rodriga nisbatan intizomiy chora ko'rishga qaror qildi. Ispaniyalik yarim himoyachi APLning 24 turi doirasida "Tottenxem"ga qarshi kechgan va 2:2 hisobida yakunlangan bahsdan so'ng hakamlar ishini ochiqchasiga tanqid ostiga olgani uchun jazolandi.
Mojaroga "Tottenxem" hujumchisi Dominik Solanke tomonidan kiritilgan gol sabab bo'ldi. Rodri bosh hakam Robert Jonsning qaroridan norozi bo'lib, o'yin davomida qoida buzilishi yuz berganini ta'kidladi. U o'z intervyusida "Man Siti" juda ko'p g'alaba qozongani uchun odamlar ularning muvaffaqiyatini istamasligini va hakamlar neytral bo'lishi shartligini aytib o'tgan edi. Futbolchining bu so'zlari hakamning xolisligiga shubha uyg'otuvchi va noxolislikka ishora qiluvchi bayonot sifatida baholandi.
FA ushbu holatni "nomaqbul xulq atvor" deb tasnifladi. Yakuniy qarorga ko'ra, Rodri 80 000 funt sterling miqdorida jarimaga tortildi va unga rasmiy ogohlantirish berildi. Ma'lum bo'lishicha, surishtiruv jarayonida "Man Siti" vakili o'z aybini to'liq tan olgan. Ushbu voqea APLda hakamlar va futbolchilar o'rtasidagi munosabatlar hamda o'yin qoidalari bo'yicha bahslar qanchalik keskin tus olishi mumkinligini yana bir bor ko'rsatib berdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!