date

Xose Mariya Mendes qaytdi: O‘zbekiston futzalida yangi davr boshlandi...

Xose Mariya Mendes qaytdi: O‘zbekiston futzalida yangi davr boshlandi...

O‘zbekiston futzal terma jamoasi hayotida yangi bosqich boshlanmoqda. Ispaniyalik taniqli mutaxassis Xose Mariya Mendes O‘zbekiston milliy terma jamoasining yangi bosh murabbiyi etib tayinlandi. O‘zbekiston futzal federatsiyasi va murabbiy o‘rtasida ikki yillik shartnoma imzolandi. Bu qaror muxlislarda ham qiziqish, ham umid uyg‘otdi — chunki Mendes bizga “begona” emas.

Uchinchi qaytish: tanish inson, tanish falsafa

Mendes O‘zbekiston futzal ishqibozlariga yaxshi tanish. U avval ham ikki marta terma jamoamizni boshqargan: 2011–2012 yillarda va 2014–2017 yillarda. Eng muhimi — natija bor: uning rahbarligi ostida O‘zbekiston Osiyo chempionatida 2014 yilda bronza, 2016 yilda esa kumush medalni qo‘lga kiritgan. Demak, bu tayinlov “tajriba” va “isbotlangan natija”ga tayanadi.

Pulpisning yo‘li: darvozadan murabbiylikka

52 yoshli Xose Mariya Pazos Mendes — Pulpis 1974 yil 28 martda Ispaniyaning Lugo shahrida tavallud topgan. Futzalchilik faoliyatini ham o‘z shahri jamoalarida — “Lugo” va “Autos Lobelle” klublarida darvozabon sifatida boshlagan.

Qiziq jihati: 1996 yilda klubda bosh murabbiy iste’foga chiqqach, bu vazifa Mendesga taklif qilinadi. Shu tariqa u 22 yoshida o‘yinchi sifatidagi faoliyatini yakunlab, murabbiylik yo‘liga o‘tadi. Bu qaror uning butun kelajagini belgilab bergani aniq.

Turli klublar, turli maktablar: tajriba geografiyasi keng

Ikki yillik ishdan keyin Mendesga boshqa klublardan ham takliflar kela boshlaydi va u “Melilya”, “Kafe Kandelas Lugo”, “Valensiya”, Xorvatiyaning “Orkan”, shuningdek, “Barsel” kabi jamoalarda ishlaydi. Bu — turli uslublar, turli liga xarakteri, turli talab degani. Murabbiy uchun esa bunday “maktab” keyinchalik katta jamoalarni boshqarishda juda qo‘l keladi.

Milliy termalar tajribasi: Tailand, Vetnam, keyin O‘zbekiston

2008–2009 yillarda Tailand, 2010 yilda Vetnam milliy terma jamoasini boshqargan Mendesdan keyin O‘zbekiston bilan bog‘liq davr boshlanadi. U faqat milliy terma bilan cheklanib qolmagan: 2016–2017 yillarda mamlakat chempioni bo‘lgan “Ardus” klubida ham ishlagan.

Yana bir muhim jihat — u O‘zbekiston yoshlar terma jamoasiga asos solgani, qator iqtidorli futzalchilarni kashf etib, ularning o‘sishiga turtki bergani qayd etiladi. Ya’ni Mendes faqat “hozirgi natija”ni emas, “kelajak poydevori”ni ham o‘ylaydigan murabbiy sifatida tanilgan.

2019–2026: Tailanddagi yangi davr va katta yutuqlar

2019–2026 yillarda u yana Tailandda faoliyat olib borgan. Murabbiy sifatida ikki karra Osiyo kubogi vitse-chempioni, bronza medali sovrindori, shuningdek, klublar o‘rtasidagi Osiyo chempionati hamda Osiyo kubok egalari kubogi g‘olibi bo‘lgani ta’kidlanadi. Bu natijalar uning amalda ham kuchli murabbiy ekanini yana bir bor ko‘rsatadi.

Endi vazifa aniq: yangi sahifa, yangi maqsadlar

O‘zbekiston futzal federatsiyasi Mendesga milliy terma jamoamiz bilan futzal tariximizda yangi sahifalarni ochishiga ishonch bildirdi. Bu ishonch havodan olinmagan: murabbiyning O‘zbekistondagi avvalgi ishi, natijalar va tizimni bilishi — hammasi katta plyuc.

Endi muxlislar kutayotgan narsa oddiy: termada tartib, tezlik, xarakter va natija. Mendes qaytdi — demak, futzalda “qayta qurilish” emas, “qayta yurish” boshlanyapti.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Xose Mariya Mendes qaytdi: O‘zbekiston futzalida yangi davr boshlandi...