Qorli kechada "Navbahor" Toshkentda "Paxtakor"ni mag‘lub etdi

O‘zbekiston Superligasining 3-turida Toshkentda haqiqiy dramatik manzara kuzatildi: qor yog‘ib turgan sovuq ob-havo, og‘ir maydon, qattiq kurash va kutilmagan natija. «Paxtakor» o‘z uyida «Navbahor»ni qabul qildi, ammo uchrashuv poytaxtda 31-yildan keyin ilk bor «lochinlar»ning 2:0 hisobidagi ishonchli g‘alabasi bilan yakunlandi.
Bahsning birinchi bo‘limida jamoalar ehtiyotkor harakat qildi. Qorli sharoitda to‘pni nazorat qilish ham, tezlik bilan hujum qurish ham oson emas edi. «Paxtakor» an’anaviy ravishda o‘yin tempini ushlab turishga urindi, «Navbahor» esa intizomli himoya va tezkor o‘tishlar orqali imkoniyat izladi.
Tanaffusdan keyin vaziyat keskin o‘zgardi. 47-daqiqada Katulondi Kati o‘zining aniq va o‘ylangan zarbasi bilan hisobni ochdi — 0:1. Shu gol “lochinlar”ga ishonch qo‘shdi, «sherlar»ni esa hujumda tavakkalga majbur qildi.
Bellashuv taqdiriga 65-daqiqadagi penalti ham katta ta’sir ko‘rsatdi. Ruslanbek Jiyanov jamoasi uchun jazoni sovuqqonlik bilan aniq bajarib, hisobni 0:2 ko‘rinishiga keltirdi. Shu lahzadan keyin «Navbahor» o‘yinni nazorat ostida ushlab, natijani oxirigacha yetkaza oldi.
Bu g‘alaba orqali Temur Kapadze jamoasi ochkolari sonini 6 taga yetkazdi. Qiziq tomoni, «Paxtakor» hisobida ham hozircha shuncha ochko bor — ya’ni turnir kurashi yanada qiziq tus olyapti.
Superliga. 3-tur
Paxtakor – Navbahor 0:2
Gollar: Katulondi Kati, 47 (0:1), Ruslanbek Jiyanov, 65 pen (0:2)
Paxtakor: Vladimir Nazarov, Zaid Tahsin (Shahzod Azmiddinov, 84), Hojiakbar Alijonov, Ibrohim Ibragimov, Akmal Mozgovoy, Hojimat Erkinov, Pyotr Pajishek, Sardor Sobirxo‘jayev, Sherzod Nasrullayev, Muhammadrasul Abdumajidov, Oybek Bozorov.
Navbahor: O‘tkir Yusupov, Saidazamat Mirsaidov, Ruslanbek Jiyanov, Diyor Xolmatov, Benjamin Teydi, Umar Adhamzoda, Katulondi Kati, Giorgi Jgerenaya, Anri Chichinadze, Muhammadali Usmonov (Abbos G‘ulomov, 87), Aleks Fernandes.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!