«Liverpul» so‘nggi daqiqada g‘alabani boy berib durang qayd etdi

Angliya Premer-ligasining 30-turida YECHL yo‘llanmasi uchun kurashayotgan «Liverpul» o‘z maydonida ligada joyini saqlab qolish uchun harakat qilayotgan «Tottenhem»ni qabul qildi. «Enfild» stadionida kechgan bahs juda keskin va dramatik tarzda o‘tib, uchrashuv oxiridagi gol tufayli 1:1 hisobida yakunlandi.
Maydon egalari o‘yin boshidanoq tashabbusni qo‘lga oldi va raqib darvozasiga bosim o‘tkazishga harakat qildi. 18-daqiqada vengriyalik yarim himoyachi Soboslai aniq zarba bilan hisobni ochdi va «Liverpul»ni oldinga olib chiqdi. Shundan keyin mersisaydliklar ustunlikni saqlab qolishga urindi.
Uchrashuvning asosiy qismida «Liverpul» bir necha xavfli vaziyatlar yaratgan bo‘lsa-da, hisobni oshirish imkoniyatidan foydalana olmadi. Bu esa mehmonlarga o‘yin oxirida imkoniyat tug‘dirdi. 90-daqiqada braziliyalik hujumchi Risharlison hisobni tenglashtirib, «Tottenhem»ni mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.
Shu tariqa, jamoalar bir ochkodan bo‘lishib olishdi. Bu natijadan keyin «Liverpul» ochkolarini 49 taga yetkazib, "Chelsi"ni ortda qoldirgan holda turnir jadvalida 5-pog‘onaga ko‘tarildi. Agar mersisaydliklar g‘alabani saqlab qolishganida, hatto 4-o‘ringa ham ko‘tarilish imkoniyati bor edi.
«Tottenhem» esa 30 ochko bilan jadvalning 16-pog‘onasida qolmoqda va mavsumning qolgan qismida ligadagi o‘rnini saqlab qolish uchun kurashni davom ettiradi.
APL. 30-tur
«Liverpul» — «Tottenhem» 1:1
Gollar: Soboslai (18) — Risharlison (90).
«Liverpul»: Alisson, Frimpong (Saloh, 64), Gomes, van Deyk, Robertson, Gravenberh, Mak Allister (Kiyeza, 90+1), Ngumoha (Ekitike, 64), Soboslai, Virts (Jons, 66), Gakpo (Nioni, 84).
«Tottenhem»: Vikario, Porro, Danzo, Dragushin, Spens (Olusesi, 76), Grey, Sarr, Souza (Simons, 56), Tel (Kolo-Muani, 76), Risharlison (Rousvell, 90), Solanke.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!