OKMK ochko yo‘qotdi: Qosimov o‘yindan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi

O‘zbekiston Superligasining 6-turidan o‘rin olgan OKMK hamda “Surxon” o‘yini 1:1 hisobida yakunlandi. Mehmonlar oxirigacha kurashib, tartibli va jamoaviy o‘yin ko‘rsatishdi. Ushbu bahsda oxirgi daqiqadagi gol orqali mezbonlar ochkolarni boy berdi.
O‘yindan so‘ng OKMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov o‘z fikrlarini bildirib, vaziyatni tahlil qildi: «Yana shu holat takrorlandi — ikkinchi bor o‘yin oxirida gol o‘tkazib, ochko yo‘qotdik. “Surxon” haqiqatan ham kurashuvchan va intizomli raqib ekanini yana bir bor isbotladi. Eng achinarlisi, deyarli xavfsiz vaziyatdan gol o‘tkazdik. Biz esa qulay imkoniyatdan foydalana olmadik: futbolchimiz zarba berish o‘rniga to‘pni ortiqcha saqlab qoldi, keyin oddiy vaziyatda raqibga jarima zarbasi berdik va jazolandik».
Qosimovning taʼkidlashicha, to‘xtab qolishga haqqi yo‘q va jamoa oldinga harakat qiladi. Har bir o‘yindagi epizod hal qiluvchi ahamiyatga ega va xatolarni bartaraf etish uchun jiddiy ish olib boriladi.
«Endi to‘xtab qolishga haqqimiz yo‘q. Oldinga qarab harakat qilishda davom etamiz. Hozirgi o‘yinlar juda keskin va har bir epizod hal qiluvchi ahamiyatga ega. Albatta, yo‘l qo‘yilgan xatolar ustida jiddiy ishlaymiz», — deya Qosimov.
Bu bahs nafaqat ochkolar taqsimoti, balki jamoaning tartib va intizomi uchun ham muhim o‘yin bo‘ldi. Muxlislar esa kelgusi turlarda OKMKning yo‘l qo‘yilgan xatolardan xulosa chiqarib, kuchliroq va aqlliroq o‘yin namoyish etishini kutishmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!