date

Islombek Ismoilov: “Paxtakor”ga qarshi o‘yinda mag‘lubiyatga loyiq emasdik

Islombek Ismoilov: “Paxtakor”ga qarshi o‘yinda mag‘lubiyatga loyiq emasdik

Superliganing 6-turida bo‘lib o‘tgan “Neftchi” – “Paxtakor” (0:1) uchrashuvidan so‘ng Farg‘ona klubi bosh murabbiyi Islombek Ismoilov matbuot anjumanida ishtirok etib, bahs haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

Murabbiy avvalo jamoa muxlislaridan kechirim so‘rab, mag‘lubiyat uchun afsus bildirdi. Uning taʼkidlashicha, “Neftchi” bugungi o‘yinda yutqazishga loyiq emas edi. Ismoilov “Paxtakor”ni g‘alaba bilan tabriklab, futbolchilar maydonda qo‘ldan kelgan barcha harakatni amalga oshirganini aytdi. Uning fikricha, futbolda bitta vaziyat ham natijani hal qilishi mumkin va aynan shu holat o‘yin taqdirini belgilagan.

Murabbiy uchrashuvni qayta ko‘rib chiqib, xatolar chuqur tahlil qilinishini bildirdi. U futbolda yutqazmaydigan jamoa yo‘qligini taʼkidlab, har qanday jamoa bir kun kelib mag‘lubiyatga uchrashini qayd etdi. Endi esa barcha eʼtibor keyingi o‘yinga qaratilganini bildirdi.

Rustam Ashurmatov va Igor Sergeyevning “Neftchi”ga qo‘shilishi ehtimoli haqidagi savolga Ismoilov aniq maʼlumotga ega emasligini aytib, bu masala klub rahbariyati tomonidan hal qilinishini taʼkidladi.

Ikkinchi va uchinchi taktik variantlar haqidagi fikrlarga javoban murabbiy bu fikrga qo‘shilmasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoa ikkinchi reja sifatida ikki hujumchi bilan uzun paslar orqali o‘ynashga urinib ko‘rgan, ammo yaratilgan imkoniyatlardan foydalana olmagan. Shu bilan birga, kerakli vaziyatlarda bitta tayanch yarim himoyachi bilan ham o‘yin tashkil etilgani taʼkidlandi.

Jamshid Iskanderovning almashtirilishi haqida Ismoilov bu qaror futbolchining jismoniy holati bilan bog‘liq emasligini aytdi. Uningcha, “Paxtakor” qarshi hujumga o‘tganidan so‘ng jamoa ikkinchi hujumchini maydonga tushirishga qaror qilgan va shu sabab Iskanderov almashtirilgan. Murabbiy bu qaror taktik zarurat bo‘lganini tushuntirib, markaziy zonadagi balansni saqlash muhimligini qayd etdi.

Ikrom Aliboyevning uchrashuvda ko‘rinmagani haqida esa murabbiy futbolchi o‘yinoldi mashg‘ulotlarida jarohat olgani sababli qaydnomaga kiritilmaganini maʼlum qildi.

Shuningdek, jamoada boshqa jarohat olgan futbolchilar yo‘qligi, barcha sportchilar to‘liq sog‘ ekani taʼkidlandi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Islombek Ismoilov: “Paxtakor”ga qarshi o‘yinda mag‘lubiyatga loyiq emasdik