“Barselona” derbi uchrashuvi oldidan yetakchilarni asrashga qaror qildi

“Barselona” La Liga doirasida o‘z maydonida “Espanyol”ga qarshi muhim derbi uchrashuvini o‘tkazadi. Kataloniyaning keskin raqobatli to‘qnashuvi oldidan jamoa rahbariyati asosiy futbolchilarga dam berish va ularni jismoniy holatini saqlab qolishni rejalashtirmoqda.
Bu qaror tasodifiy emas, chunki ko‘k-anorranglilarni juda muhim Yevropa sinovi kutmoqda. 14 apreldan 15 aprelga o‘tar kechasi jamoa Chempionlar Ligasi chorakfinal javob bahsida “Atletiko”ga qarshi maydonga chiqadi. Shu bois, murabbiylar shtabi yetakchi o‘yinchilarni jarohat va ortiqcha charchoqdan himoya qilishni ustuvor vazifa sifatida belgilagan.
Rejaga ko‘ra, bir qator asosiy futbolchilar ushbu derbini zaxirada boshlaydi yoki butunlay dam oladi. Xususan, hujum qanotida harakatlanuvchi Lamin Yamal hamda yarimhimoya markazining yetakchilaridan biri Pedri dam olishi kutilmoqda.
Ularning o‘rniga maydonning o‘ng qanotida Runi Bardagji sinovdan o‘tishi mumkin. Markaziy zonada esa Gavi va Mark Kasado juftligi harakat qilishi rejalashtirilgan.
Klubning asosiy maqsadi — muhim Yevropa uchrashuvi oldidan jamoaning optimal holatini saqlash va mavsumning hal qiluvchi pallasida barqarorlikni yo‘qotmaslik.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!