Eldor Shomurodov Turkiya Superligasida eng kuchli mavsumni o‘tkazmoqda

O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va asosiy to‘purari Eldor Shomurodov professional faoliyatidagi eng samarali va sermahsul mavsumini namoyish etmoqda.
Italiyadagi faoliyatidan so‘ng Turkiya Superligasiga yo‘l olgan 30 yoshli hujumchi yangi chempionatga juda tez moslashib, o‘zining gol urish mahoratini izchil namoyon etib kelmoqda.
Dastlab Shomurodov “Istanbul Bashakshehir” tarkibida deyarli har bir turda gol kiritib, bir muddat to‘purarlar ro‘yxatida yakka peshqadamga ham aylangan edi. Biroq so‘nggi besh tur davomida u golsiz seriyaga tushib qoldi.
Bu vaziyatdan foydalangan asosiy raqib – Pol Onuachu barqaror o‘yini evaziga 22 golga yetdi va reytingda oldinga chiqib oldi. Nigeriyalik forvardning olti goli penaltidan kiritilgani ham eʼtiborga molik.
Biroq Turkiya Superligasining 29-turida o‘zbek hujumchisi yana gol urish yo‘liga qaytdi. “Genchlerbirligi”ga qarshi uy o‘yinida u 9-daqiqada hisobni ochdi, 40-daqiqada esa dublni rasmiylashtirdi. Uchrashuv taqdiri hal bo‘lgani sabab, 80-daqiqada maydondan olindi.
Shu tariqa Eldor Shomurodov Superligadagi gollari sonini 18 taga yetkazdi va to‘purarlar poygasida yana faol raqobatni davom ettirmoqda.
Umumiy holatda, chempionlik va individual sovrinlar uchun kurash so‘nggi turlargacha keskin davom etishi kutilmoqda. Shomurodov esa Pol Onuachuga yetib olish uchun harakatni davom ettiradi.
Uni “Galatasaroy” yulduzi Mauro Ikardi va “Fenerbahche” hujumchisi Taliska kabi 13 golli futbolchilar ham taʼqib qilmoqda.
Shu bilan birga, ekspertlar Shomurodovning to‘purarlik poygasida g‘olib chiqishiga qiyinlik tug‘dirishi mumkin bo‘lgan omillar borligini taʼkidlashmoqda. Chunki yetakchi klublar – “Galatasaroy”, “Fenerbahche” va “Trabzonspor” hujum chizig‘i va yarimhimoyasi juda kuchli hisoblanadi.
Qizig‘i, Shomurodov Superligada deyarli barcha raqiblar darvozasini ishg‘ol qilib ulgurgan. U 14 ta jamoaga qarshi gol urgan holda katta statistik ko‘rsatkich qayd etmoqda.
Endi unga gol urolmagan yagona jamoa – “Fenerbahche” qolgan. Hamyurtimiz “Fenerbahche”ga chempionatning ikkinchi yarmidagi o‘yinda to‘p kiritishga harakat qiladi. Shu bilan birga “Kayserispor” va “Gyoztepe” unga qarshi ikkita o‘yinda ham darvozasini to‘sib qola olgan jamoalar sifatida qayd etilmoqda.
Baribir Shomurodov yuqori formada harakat qilmoqda va “Oltin butsa” poygasida oxirigacha kurashishni maqsad qilgan. Bu esa 2026 yilgi jahon chempionati oldidan O‘zbekiston milliy jamoasi uchun juda ijobiy signal sifatida baholanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!