Eldor Shomurodovning dubl qayd etgan o‘yindan keyingi fikrlari...

Turkiya Superligasining 29-turidan o‘rin olgan uchrashuvda “Istanbul Bashakshehir” o‘z maydonida “Genchlerbirligi”ni ishonchli tarzda 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Ushbu g‘alaba jamoa uchun jadvaldagi muhim ochkolarni taqdim etdi.
Bahsdan so‘ng ikki gol muallifi bo‘lgan o‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodov o‘yin haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Uning taʼkidlashicha, shaxsiy gollar muhim bo‘lsa-da, asosiy maqsad jamoa g‘alabasi hisoblanadi.
— “Men gol urishimni kutgan edim, lekin avval ham aytganimdek, men uchun eng muhimi — jamoaning g‘alabasi. Bu g‘alaba biz uchun juda muhim edi, chunki Yevropa kuboklari yo‘llanmasi uchun kurashyapmiz. Bugun o‘yinni yaxshi boshladik va o‘zimizni yaxshi his qilyapmiz. Oldimizda yana 5 ta muhim uchrashuv bor”, — dedi Shomurodov.
Hujumchi birinchi bo‘limda jamoa harakati yuqori darajada bo‘lganini, raqib himoyasidagi bo‘shliqlardan unumli foydalanilganini alohida qayd etdi. Uning fikricha, aynan shu jihatlar yirik hisobdagi g‘alabaga asos bo‘lgan.
— “Birinchi bo‘limda juda yaxshi harakat qildik. Raqib himoyasida ko‘p bo‘sh zonalar topdik va imkoniyatlardan foydalandik. Maqsadimiz — Yevropa ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Maʼlumot uchun, Shomurodov hozirgi mavsumda 18 ta gol bilan to‘purarlar poygasida ikkinchi o‘rinda bormoqda va Yevropa maydonlariga chiqish uchun kurashni davom ettirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!