“Manchester Siti”ga qarshi bahsda “Chelsi” o‘z uslubini o‘tkaza oladimi?

“Chelsi” bosh murabbiyi Liam Rosenior Angliya Premyer-ligasining 32-turi doirasida “Manchester Siti”ga qarshi bo‘ladigan uchrashuv oldidan jamoani faol o‘yin ko‘rsatishga chaqirdi. Uning taʼkidlashicha, “aristokratlar” raqibga moslashishdan ko‘ra, o‘z uslubini maydonga singdirishga harakat qilishi kerak.
O‘yin bugun Toshkent vaqti bilan 20:30 da start oladi.
— “Gap raqibni (“Manchester Siti”) to‘xtatishda emas, deb o‘ylayman. Hammasi navbatdagi o‘yinda g‘alaba qozonish va o‘z futbolimizni namoyon etishda.
Albatta, ularning kuchli tomonlari ko‘p, ajoyib murabbiylar shtabi va yaxshi o‘zaro tushunish bor. Ular ancha vaqtdan beri birga o‘ynaydi, ammo biz o‘z uyimizda harakat qilamiz va o‘z o‘yinimizni o‘tkazishga urinamiz.
Hafta davomida shu haqda gaplashdik. Katta maqsadlarga chalg‘imasdan, har bir o‘yinga alohida tayyorlanishimiz kerak. Agar shuni uddalasak, mavsumni yaxshi o‘tkazish uchun imkoniyatlarimiz bo‘ladi”, — dedi Rosenior klub rasmiy saytiga bergan intervyusida.
“Chelsi” Premyer-ligada yana 7 ta o‘yin o‘tkazadi. Shuningdek, aprel oyi oxirida Angliya Kubogi yarim finalida “Lids Yunayted”ga qarshi bahs ham kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!