Flikdan kuchli bayonot: “Barselona” chempion bo‘lishga ishonadi!

La Liganing 31-turidan keyin “Barselona” bosh murabbiyi Hans-Diter Flik jamoasining mavsumdagi holati va «Real Madrid» bilan ochkolar farqi oshganiga nisbatan o‘z fikrlarini bildirdi. Kataloniya klubi navbatdagi uchrashuvda ishonchli g‘alaba qozonib, raqibining ochko yo‘qotishidan foydalanib, jadvalda ustunligini 9 ochkogacha kengaytirdi.
Flikning taʼkidlashicha, jamoa mavsum davomida oson yo‘ldan o‘tmagan. U jarohatlar ko‘pligi va baʼzi o‘yinlarda kutilgan darajadagi natija bo‘lmaganini ochiq aytdi. Shunga qaramay, u jamoadagi umumiy dinamika va o‘yin sifatiga ijobiy baho berdi.
«Men faqat ijobiy kayfiyatdaman. Mavsum davomida turli qiyinchiliklar bo‘ldi, jarohatlar ham ko‘p uchradi. Lekin biz har doim oldinga harakat qildik. Boshqa top jamoalar kabi biz ham og‘ir davrlarni boshdan kechirdik, ammo buni yengib o‘tyapmiz», — dedi murabbiy.
Flik jamoaning asosiy maqsadlaridan biri Yevropa maydonida muvaffaqiyat qozonish ekanini ham taʼkidladi. U Chempionlar Ligasida yarim finalga chiqish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinayotganini bildirdi.
Uning fikricha, bu bosqichda eng muhimi — jismoniy va ruhiy tayyorgarlik. Ayniqsa, zich taqvim sharoitida har bir o‘yin katta kuch talab qiladi.
«Har bir o‘yinga maksimal tayyorgarlik bilan chiqishimiz kerak. Jadval zich, lekin bizda tiklanish uchun yetarli vaqt bo‘ladi. Bu juda muhim. Biz o‘z kuchimizga ishonamiz va chempionlik uchun kurasha olishimizni bilamiz», — dedi Flik.
Shu bilan birga, u faqat individual mahorat bilan katta yutuqlarga erishib bo‘lmasligini ham taʼkidladi. Uningcha, chempionlik siri — jamoaviy o‘yin va to‘g‘ri mentalitetda.
«Sifat yetarli emas, jamoa sifatida o‘ynash shart. Har bir o‘yinga to‘g‘ri ruh bilan chiqish kerak. Chempion bo‘lishimizga ishonaman, lekin hali hech narsa hal bo‘lgani yo‘q», — deya xulosa qildi murabbiy.
Flikning bu bayonoti “Barselona” muxlislarida ishonchni yana-da oshirdi, ayni paytda La Ligadagi chempionlik poygasi yana-da qizg‘in tus olmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!