date

O‘zbekiston yoshlari taekvondoda tarixiy rekord o‘rnatdi

O‘zbekiston yoshlari taekvondoda tarixiy rekord o‘rnatdi

Poytaxtimizda olti kun davom etgan taekvondo WT bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati o‘z yakuniga yetdi. Nufuzli musobaqada ishtirok etgan O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi o‘z tarixidagi eng yuqori natijani qayd etib, muxlislarga katta quvonch ulashdi.

Yurtimiz sharafini himoya qilgan yosh sportchilar 3 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, jami 6 ta sovrin bilan musobaqani yakunladi. Eʼtiborlisi, bu natija milliy taekvondo tarixida ilk bor qayd etildi — bugunga qadar hech qachon bitta jahon chempionatida 3 ta oltin medalga erishilmagan edi.

Oltin medallar quyidagi sportchilar hisobiga yozildi:

-48 kg vazn toifasida Yosinbek Odilov,

-51 kgda Asadbek Samandarov,

-63 kgda esa Mohidil O‘ktamjonova barchadan ustun keldi.

Kumush medallarni -68 kgda Ayubxon Nabiyev va +78 kg vaznda Alisher Pak qo‘lga kiritgan bo‘lsa, -45 kg vazn toifasida Shohjahon Xolmurodov bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Yana bir muhim jihat — Toshkent-2026 jahon chempionatida yigitlar jamoamiz ochkolar hisobi bo‘yicha barchadan ustun kelib, birinchi o‘rinni egalladi. Bu esa jamoaviy natija nuqtai nazaridan ham katta yutuq sanaladi.

Bosh murabbiy Konstantin Li qo‘l ostida tayyorgarlik ko‘rgan jamoa umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni band etdi. Mutaxassislar fikricha, bu natija nafaqat bugungi yutuq, balki kelajakdagi yana-da katta g‘alabalar uchun mustahkam poydevor vazifasini o‘taydi.

Qisqasi, bu chempionat O‘zbekiston taekvondosi uchun yangi sahifa ochdi. Yangi avlod o‘z so‘zini aytdi — va bu faqat boshlanishi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston yoshlari taekvondoda tarixiy rekord o‘rnatdi