O‘zbekiston xokkeychilari jahon chempionatida ishonchli g‘alaba qozondi

Honkongda kattalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan xokkey bo‘yicha jahon chempionatining III divizion “B” guruhi bahslari yakunlandi. Ushbu musobaqada ishtirok etgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi ajoyib natijalar qayd etib, barcha raqiblarini yirik hisoblarda mag‘lub etdi.
O‘zbekiston terma jamoasi guruh bosqichida mutlaq ustunlik namoyon etdi va barcha uchrashuvlarda ishonchli g‘alabalarga erishib, yakunda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Qayd etilgan natijalar esa jamoaning qanchalik yuqori formada ekanini yaqqol ko‘rsatib berdi. O‘zbekiston — Mo‘g‘uliston uchrashuvi 26:1 hisobida yakunlangan bo‘lsa, Filippinga qarshi bahsda 28:3 hisobi qayd etildi. KXDR ustidan 20:3, Lyuksemburgga qarshi esa 14:0 hisobida yirik g‘alaba qozonildi. Guruhdagi eng so‘nggi o‘yinda Gonkong xokkeychilari 9:4 hisobida mag‘lub etildi.
Bunday natijalar O‘zbekiston xokkey tarixida muhim bosqich sifatida baholanmoqda. Jamoa nafaqat g‘alaba qozondi, balki o‘yin sifati, hujumkor uslub va jamoaviy harakatlari bilan ham ajralib turdi.
Ushbu muvaffaqiyat natijasida milliy terma jamoa kelasi mavsumda III divizionning “A” guruhida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Bu esa yana-da kuchli raqiblar bilan kurashish imkonini beradi.
Qisqasi, O‘zbekiston xokkeychilari jahon arenasida o‘z salohiyatini namoyon qilib, yangi bosqich sari ishonch bilan qadam tashladi. Endi esa muxlislar yana-da katta yutuqlar va tarixiy natijalarni intiqlik bilan kutmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!