Xoland Premyer ligada ketma-ket uchinchi «Oltin butsa» sovrini sari yaqinlashmoqda

"Man Siti" hujumchisi Erling Xoland Angliya Premyer ligasi afsonalari Terri Anri va Muhammad Salohga tegishli rekordlarni yangilashga yaqin turibdi. Hozirda norvegiyalik forvard o'zining uchinchi "Oltin butsa" sovrini sari ishonch bilan bormoqda. Klub sobiq futbolchisi Pol Dikovning fikricha, Xoland uzoq vaqt davomida Angliyada qolib, barcha tarixiy natijalarni qayta yozishga qodir. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
2022-yilning yozida "Etixad" stadioniga kelgan Xoland o'zining debyut mavsumida barcha turnirlarda 52 ta gol urib, jamoasiga trebl qayd etishda yordam bergan edi. Hozirga qadar u "shaharliklar" safida 193 ta o'yinda maydonga tushib, 159 ta gol urishga ulgurdi. 2025-26 yilgi mavsumda ham u to'purarlar poygasida 24 ta gol bilan peshqadamlik qilmoqda va eng yaqin ta'qibchisi Igor Tiagoni uchta golga ortda qoldirmoqda.

Agar Xoland gol urishda davom etsa, Gvardiola shogirdlari joriy mavsumda ichki treblni qo'lga kiritishlari mumkin. Jamoa allaqachon Karabaou kubogini yutdi, chempionatda peshqadamlikka qaytdi va Angliya kubogi yarim finaliga yo'llanma oldi. Dikovning ta'kidlashicha, bir oy avval imkonsizdek ko'ringan bu natijalar endi haqiqatga aylanmoqda.
Xoland so'nggi to'rtta o'yinda beshta gol urib, o'zining eng yaxshi sport formasiga qaytganini isbotladi. U Angliya kubogi chorak finalida "Liverpul" darvozasiga xet-trik qayd etdi. Endilikda 25 yoshli hujumchi mavsum yakuniga qadar qolgan beshta o'yinda ham asosiy rolni o'ynashi va jamoasini yangi chempionlik sari yetaklashi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!