"Sautgempton" jamoasi "Man Siti" bilan o'yinda sariq libosda maydonga tushadi

"Sautgempton" jamoasi Angliya kubogi yarim finali doirasida "Man Siti"ga qarshi kechadigan uchrashuvda o'zining an'anaviy qizil-oq rangli liboslaridan voz kechdi. Jamoa "Uembli" stadionidagi bahsda maxsus sariq rangli formada harakat qiladi. Ushbu libos klub tarixidagi yagona yirik sovrin — 1976-yilgi Angliya kubogi finalida "Manchester Yunayted" ustidan qozonilgan g'alabaning 50 yilligi munosabati bilan tayyorlangan. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Klubning 141 yillik tarixidagi eng yorqin lahzani yodga soluvchi ushbu libosda futbolchilarning familiyalari yozilmagan. Jamoa bosh murabbiyi Tonda Ekkert ushbu "omadli" libos o'z shogirdlarini yangi mo'jizalarga chorlashiga umid qilmoqda. Nemis mutaxassisi boshqaruvidagi "avliyolar" joriy mavsum kubok bahslarida ushbu sariq formadan doimiy foydalanib kelmoqda va yo'lda "Arsenal" hamda "Fulxem" kabi kuchli raqiblarni mag'lub etishga ulgurdi.

Ekkertning ta'kidlashicha, Premyer-liga peshqadamiga qarshi o'yinda jamoa jasorat ko'rsatishi shart. «Chempionshipda g'alaba qozonish ishonch bag'ishlaydi, ammo Premyer-liga jamoalari bilan tengma-teng kurasha olishingizni ko'rish yanada ko'proq kuch beradi», — deya qo'shimcha qildi murabbiy. Angliya futbol assotsiatsiyasi klubga ushbu tarixiy libosdan yarim finalda foydalanish uchun maxsus ruxsat bergan.
"Uembli"dagi uchrashuvga 36 mingga yaqin "Sautgempton" muxlislari tashrif buyurishi kutilmoqda. Ularning ko'pchiligi 1976-yilgi g'olib tarkib a'zolarining imzolari tushirilgan cheklangan miqdordagi esdalik liboslarini xarid qilgan. Agar Ekkert shogirdlari g'alaba qozonsa, finalda "Chelsi" yoki "Lids" juftligi g'olibi bilan bosh sovrin uchun kurash olib boradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!