Laporta 2023-yilda Messining «Barselona»ga qaytishini taqiqlab qo'ydi

«Barselona» sobiq bosh murabbiyi Xavi Ernandes klub rahbariyati Lionel Messining jamoaga qaytishiga to'sqinlik qilganini ma'lum qildi. Murabbiyning so'zlariga ko'ra, 2023-yilda argentinalik yulduzning transferi bo'yicha barcha kelishuvlar tayyor bo'lgan. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Xavi besh oy davomida Messi bilan muzokaralar olib borganini va futbolchi «Barselona»ga qaytishga rozilik berganini ta'kidladi. Biroq yakuniy bosqichda klub prezidenti Joan Laporta ushbu transferga ruxsat bermagan.

Iqtisodiy muammolar sababli Neymar va Pedro kabi sobiq futbolchilarni qaytarish rejalari ham barbod bo'lgan.
Sobiq murabbiy Messining mashg'ulotlardagi ishtiyoqi va o'zaro munosabatlari haqida ham to'xtalib o'tdi. Xavi Messini 16 yoshidan beri bilishini va u bilan doimo ishonchga asoslangan do'stlik aloqalari saqlanib qolganini bildirdi.

Shuningdek, Xavi hozirgi yosh yulduz Lamin Yamal haqida yuqori fikr bildirdi. U o'smir futbolchini «tanlangan daho» deb atadi va uning kelajagi faqat o'zining intilishi hamda ruhiy holatiga bog'liqligini aytdi.
Xavi o'zining ketishiga sport natijalari emas, balki klub ichidagi kelishmovchiliklar sabab bo'lganiga shama qildi. Shunga qaramay, u Hansi Flik boshchiligidagi loyihani qo'llab-quvvatlashini va jamoada kelgusi 10 yil uchun mustahkam poydevor yaratilganini ta'kidladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!