Klopp Aleksander-Arnoldga nisbatan bo'layotgan tanqidlarga javob qaytardi

«Liverpul» bosh murabbiyi Yurgen Klopp jamoa himoyachisi Trent Aleksander-Arnoldning mahoratini yuqori baholadi. Mutaxassis futbolchining o'yin uslubi o'ng qanot himoyachisi uchun noyob ekanligini ta'kidladi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Kloppning so'zlariga ko'ra, 23 yoshli futbolchining to'pga egalik qilish, uzatmalarni amalga oshirish va tezkor qaror qabul qilish qobiliyati hayratlanarli darajada. Murabbiy futbolchining Angliya terma jamoasi tarkibidan tushib qolgani va uning himoyadagi harakatlariga nisbatan bildirilayotgan tanqidlarga qo'shilmasligini bildirdi.
«Agar u yomon himoyachi bo'lganida, maydonga tushmagan bo'lardi. Dunyo darajasidagi iqtidor egasini uning kuchli bo'lmagan jihatiga qarab baholashlarini tushunmayman.
U barcha jarayonlarda ishtirok etadi va o'z vazifasini yaxshi bajarmoqda», — dedi Klopp.
Eslatib o'tamiz, Aleksander-Arnold Angliya terma jamoasining Millatlar ligasi doirasidagi Italiya va Germaniyaga qarshi o'yinlarida maydonga tushmadi. Terma jamoa ustozi Garet Sautgeyt futbolchining umumiy o'yin darajasi raqobatchilardan ortda qolayotganiga shama qilgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!