Abdusattorov Karlsenga qarshi hal qiluvchi tarixiy bahsga kirishdi

Bugun shaxmat olamida barcha nigohlar bir nuqtaga — taxta ustidagi hal qiluvchi toʻqnashuvga qaratilgan. Shvetsiyada oʻtayotgan nufuzli TePe Sigeman turnirining 3-turida yurtdoshimiz Nodirbek Abdusattorov shaxmat tarixidagi eng kuchli oʻyinchilardan biri, hatto koʻpchilik tomonidan eng buyugi sifatida eʼtirof etilgan Magnus Karlsenga qarshi qora donalarda bahs olib boradi.
Magnus Karlsen — bu oddiy shaxmatchi emas, u butun bir davr ramzi. Norvegiyalik grossmeyster 2882 ELO reytingi bilan shaxmat tarixida eng yuqori koʻrsatkichni qayd etgan va bu natija hanuzgacha “kosmik daraja” sifatida baholanadi. 2013 yildan 2023 yilgacha u klassik shaxmat boʻyicha jahon chempioni unvonini hech kimga bermagan holda 5 karra chempion sifatida tarixga kirdi. Bundan tashqari, 2011 yildan beri dunyo reytingida muttasil ravishda 1-oʻrinni saqlab kelib, zamonaviy shaxmatda misli koʻrilmagan ustunlikni namoyish etmoqda.
Karlsenning yutuqlari bu bilan cheklanmaydi. U klassik, rapid va blis yoʻnalishlarida bir vaqtning oʻzida jahon chempioni boʻlib, shaxmatdagi “Triple Crown” sohibiga aylangan. Rapidda 6 karra, blitsda esa 9 karra jahon chempioni boʻlgan bu shaxmatchi, yana bir rekord — klassik oʻyinlarda ketma-ket 125 partiyada magʻlubiyatsiz seriya qayd etgan.
Biroq bugungi bahsni yanada qiziqarli qiladigan jihat bor. Nodirbek Abdusattorov bu afsonaga qarshi ilgari ham muvaffaqiyatli oʻynagan. Aniqrogʻi, 2021 yilda aynan Karlsenni magʻlub etgan holda rapid yoʻnalishida jahon chempioniga aylangan edi. Bu esa bugungi toʻqnashuvga alohida intriga va ishonch bagʻishlaydi.
Eʼtiborlisi, bu safar Abdusattorov qora donalarda harakat qiladi, bu esa vazifani yanada murakkablashtiradi. Shunga qaramay, yurtdoshimiz oʻzining sovuqqonligi, hisob-kitobga asoslangan oʻyini va strategik fikrlashi bilan har qanday raqibga qarshi kurasha olishini koʻp bor isbotlagan.
Maʼlumot oʻrnida, 3-tur bellashuvlari soat 18:00 da start oladi. Shubhasiz, bugungi oʻyin nafaqat turnir taqdiri, balki shaxmat muxlislari xotirasida uzoq saqlanadigan toʻqnashuvlardan biri boʻlishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!