Mikel Arteta Bukayo Saka va Viktor Gyokeresni alohida eʼtirof etdi

Arsenal Chempionlar ligasi yarim finalida Atletiko Madrid ustidan 1:0 hisobida gʻalaba qozonib, final yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. Ikki oʻyin natijasiga koʻra 2:1 hisobida ustun kelgan Mikel Arteta shogirdlari 20 yillik tanaffusdan soʻng musobaqaning hal qiluvchi bosqichiga chiqishdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Mikel Arteta uchrashuv taqdirini hal qilgan Bukayo Saka haqida iliq fikrlar bildirdi. "U juda oʻziga xos futbolchi. Agar kimdir gʻalaba golini urishi kerak boʻlsa, bu aynan Saka boʻlishi kerak edi", — dedi murabbiy Amazon Prime nashriga bergan intervyusida.
Shuningdek, jamoaning yangi hujumchisi Viktor Gyokeres ham murabbiy tomonidan yuqori baholandi. Arteta shvetsiyalik futbolchining maydondagi mehnatkashligi va jamoaviy himoyadagi faolligini alohida taʼkidlab, uning oʻyinini "ulkan" deb atadi.
Oʻyin oldidan Mikel Arteta tarkibga kirmagan futbolchilar bilan suhbatlashib, ulardan uzr soʻraganini tan oldi. Murabbiyning soʻzlariga koʻra, futbolchilarning professional munosabati va bir-birini qoʻllab-quvvatlashi Arsenalning joriy mavsumdagi muvaffaqiyatlarining asosiy omiliga aylangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!