Jamie Carragher Liverpulni tanqid ostiga oldi

Liverpul afsonasi Jamie Carragher jamoaning Aston Villa maydonida 4:2 hisobida mag‘lub bo‘lganidan so‘ng, futbolchilarni keskin tanqid qildi. U hozirgi tarkibni ham jismoniy, ham ruhiy jihatdan zaif deb atadi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Arne Slot shogirdlari o‘yin davomida raqibdan har tomonlama ustunlikni boy berdi. Carragher Sky Sports efirida Liverpul hech bir jabhada ajralib turmayotganini va jamoa o‘rtamiyona darajaga tushib qolganini ta’kidladi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Liverpul joriy mavsumda Angliya Premer-ligasida 52 ta gol o‘tkazib yubordi. Bu klub tarixidagi eng yomon natijalardan biri hisoblanadi.
Carragher sardor Virgil van Dijkning ham avvalgi darajasida emasligini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, himoyachi o‘zining eng yaxshi sport formasida bo‘lmaganida, jamoadoshlari unga yordam bera olmayapti.
Liverpulning safar o‘yinlaridagi muvaffaqiyatsizligi ham jamoa xarakteri yetishmasligidan dalolat beradi. Klub kuchli to‘qqizlikdagi jamoalarga qarshi birorta ham safar g‘alabasini qo‘lga kirita olmadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!