Emerik Laport “Manchester Siti”dan ketganiga qattiq afsuslandi...

Ispaniyalik taniqli himoyachi Emerik Laport faoliyatidagi muhim qarorlardan biri haqida ochiq gapirdi. U “Manchester Siti” safida o‘yini tobora rivojlanib, Xosep Gvardiola ishonchini qozonib borayotgan bir pallada klubni tark etgani xato bo‘lganini tan oldi.
Markaziy himoyachi sifatida yuqori saviyadagi o‘yini bilan ajralib turgan Laport “shaharliklar” tarkibida muhim futbolchilardan biriga aylangan edi. U Gvardiola tizimida to‘p bilan muomala qilish, himoyadan hujum boshlash va maydonda xotirjam qaror qabul qilish borasida o‘zini yaxshi ko‘rsatgandi.
Biroq Yevropaning ko‘plab yulduz futbolchilari Saudiya Arabistoni chempionatiga yo‘l olayotgan davrda Laport ham “An-Nasr” taklifini qabul qildi. 2023 yil yozida “Manchester Siti” besh yil davomida jamoa sharafini himoya qilgan futbolchini sotishga qaror qildi. Bu transfer o‘sha paytda katta muhokamalarga sabab bo‘lgandi.
Endi esa Laport o‘sha qarorga boshqacha nigoh bilan qaramoqda. Uning ta’kidlashicha, “Manchester Siti”ni tark etish u uchun og‘ir va keyinchalik afsus uyg‘otgan qadam bo‘lgan.
“Men ketganimga afsuslandim, chunki men dunyoning eng yaxshi klubida edim. U yerda futbolchilarga qanday g‘amxo‘rlik qilishlarini so‘z bilan tushuntirish qiyin. Bu noyob holat. Vaqt o‘tib, bunga o‘rganib qolasan va uni oddiy narsadek qabul qilasan. Ammo ketganingdan keyin bu qanchalik ajoyib muhit bo‘lganini anglay boshlaysan”, — dedi Laport.
Himoyachi “Manchester Siti”ga nisbatan hurmati juda yuqori ekanini ham yashirmadi. U ushbu klubdagi davrni faoliyati va hayotidagi eng yorqin bosqichlardan biri sifatida eslaydi.
“Men “Manchester Siti”dan chin dildan minnatdorman. Bu klub haqida birorta ham yomon gap ayta olmayman. Bu men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Hayotimdagi eng yaxshi davrlardan biri aynan shu jamoada o‘tgan”, — deya ta’kidladi futbolchi.
Darhaqiqat, Laport uchun “Manchester Siti” faqat oddiy klub emas, katta futbol maktabi bo‘ldi. U yerda u jahon darajasidagi murabbiy bilan ishladi, yuqori raqobat muhitida toblandi va Yevropa futbolida o‘z nomini mustahkamladi.
Saudiya Arabistonidagi sarguzasht esa uzoqqa cho‘zilmadi. Tajribali himoyachi 2025 yil yozida o‘zi avval to‘p surgan Bilbaoning “Atletik” klubiga qaytib, faoliyatida yangi sahifa ochdi.
Qisqasi, Laportning so‘zlari futbolda har doim ham katta taklif to‘g‘ri tanlov bo‘lavermasligini yana bir bor ko‘rsatdi. Ba’zan futbolchi uchun muhit, ishonch va klubdagi qadr-qimmat puldan ham muhimroq bo‘ladi. “Manchester Siti” esa Laport xotirasida shunchaki jamoa emas, uning eng yaxshi yillariga mezbon bo‘lgan katta oila sifatida qoldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!