Miyani himoya qilish uchun bu mahsulotlardan ehtiyot bo‘ling

Nevrolog Galina Chudinskaya miya salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi oziq-ovqatlar haqida gapirib, qaysi mahsulotlar xotira va kognitiv funksiyalarni zaiflashtirishi mumkinligini tushuntirdi. Bu haqda u Lenta.ru nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, xotira va fikrlash qobiliyatiga alohida bir mahsulot emas, balki insonning umumiy ovqatlanish tarzi ta’sir ko‘rsatadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shakarli ichimliklar, konfetlar, oq undan tayyorlangan pishiriqlar, tez tayyorlanadigan taomlar, kolbasa va boshqa qayta ishlangan go‘sht mahsulotlari, shuningdek, spirtli ichimliklarning ortiqcha iste’moli miya faoliyati uchun eng katta xavflardan biri hisoblanadi.
Shifokorning aytishicha, bunday mahsulotlar tarkibida shakar, tuz, to‘yingan va trans yog‘lar ko‘p bo‘ladi. Biroq ularda organizm uchun muhim bo‘lgan tola, vitaminlar va omega-3 yog‘ kislotalari yetarli emas. Natijada miya zarur oziq moddalar bilan kam ta’minlanadi hamda yallig‘lanish jarayonlari va qon tomir kasalliklaridan himoyasi pasayadi.
Galina Chudinskayaning ta’kidlashicha, ayniqsa shakar va tez hazm bo‘ladigan uglevodlarni ortiqcha iste’mol qilish qonda glyukoza va insulin miqdorining keskin oshishiga sabab bo‘ladi. Bu esa vaqt o‘tishi bilan surunkali yallig‘lanish, ortiqcha vazn va moddalar almashinuvi bilan bog‘liq kasalliklar rivojlanish xavfini oshiradi. Bunday o‘zgarishlar qon tomirlar holatini yomonlashtirib, miyaning oziqlanishiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Nevrologning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayonlar diqqatni jamlash, tez fikrlash va yangi ma’lumotlarni eslab qolish qobiliyatining pasayishiga olib kelishi mumkin. Shu bois mutaxassislar muvozanatli ovqatlanishga amal qilish va zararli mahsulotlar iste’molini cheklashni tavsiya etadi.






























Izohlar 0
…