Sunami laqabli it 26 insonni vayronalar ostidan tirik topdi

Venesuelada yuz bergan vayronkor zilzilalardan keyin qidiruv-qutqaruv ishlarida ishtirok etayotgan Sunami laqabli xizmat iti 26 nafar insonning hayotini saqlab qolishga hissa qo‘shdi. Maxsus tayyorlangan it vayronalar ostida tirik qolganlarni aniqlab, qutqaruvchilarga ularni tezroq topish imkonini berdi.
Tabiiy ofat hududida faoliyat yuritayotgan kinologiya guruhi rahbari Xorxe Beyensning ma’lum qilishicha, qutqaruv operatsiyasi davomida Sunami yordamida 26 nafar jabrlanuvchi tirik holda aniqlangan.
Mutaxassisning aytishicha, to‘qqiz yoshli Sunami vayronalar, ko‘chkilar va boshqa favqulodda vaziyatlarda odamlarni qidirishga ixtisoslashgan. Bunday xizmat itlarini tayyorlash uchun odatda uch-to‘rt yil vaqt sarflanadi.
Sunami ilgari Turkiyada sodir bo‘lgan kuchli zilzilalar oqibatlarini bartaraf etish ishlarida ham qatnashgan. O‘shanda ham u boshqa qidiruv guruhlari aniqlay olmagan joylardan tirik qolgan insonlarni topishga muvaffaq bo‘lgan.
Kinologning ta’kidlashicha, hozirda ham jamoa qutqaruv shtabi belgilab bergan hududlarda qidiruv ishlarini izchil davom ettirmoqda.
Venesuela prezidenti vazifasini bajaruvchi Delsi Rodriges Sunami va uning yo‘lboshchisiga alohida minnatdorlik bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu jasur xizmat iti og‘ir kunlarda ko‘plab insonlar uchun umid ramziga aylangan. Rodriges Sunami va uning kinologining mehnati yuzlab qutqaruvchilar sa’y-harakatlarining muhim qismi ekanini ta’kidladi.






























Izohlar 0
…