O‘zbekistonda ish izlovchilar keskin ko‘paydi: mehnat bozori qizimoqda

O‘zbekistonda ish qidirayotgan fuqarolar soni sezilarli darajada oshdi. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yilning birinchi choragida faol rezyumelar soni 31,5 foizga ko‘payib, 636 mingtaga yetgan.
Qayd etilishicha, ish izlovchilar sonining ortishi mehnat bozoridagi raqobatni kuchaytirgan. Shu bilan birga, ayrim yo‘nalishlarda ishchi kuchiga bo‘lgan yuqori talab ish haqlarining o‘sishiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Hisobotga ko‘ra, yangi ish o‘rinlari asosan xizmat ko‘rsatish, savdo, moliyaviy va sug‘urta, shuningdek, professional va texnik xizmatlar sohalarida yaratilgan. Qurilish, umumiy ovqatlanish va ishlab chiqarish tarmoqlarida ham xodimlarga ehtiyoj yuqoriligicha qolmoqda.
Joriy yilning birinchi choragida e’lon qilingan bo‘sh ish o‘rinlari soni mart oyida 15,4 mingtani tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,8 foizga oshgan.
Markaziy bank tahliliga ko‘ra, 2026 yilning dastlabki uch oyida o‘rtacha nominal ish haqi 17,4 foizga, real ish haqi esa 9,5 foizga o‘sgan. Eng yuqori ish haqi o‘sishi moliyaviy xizmatlar, transport va boshqa xizmat ko‘rsatish sohalarida qayd etilgan.
Shuningdek, yil boshidan buyon 1,63 million nafar O‘zbekiston fuqarosi xorijga chiqqan. Rossiyada mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar soni biroz kamaygan bo‘lsa, Turkiya va Janubiy Koreya mehnat migrantlari uchun tobora ommabop yo‘nalishlarga aylanib bormoqda.
Mutaxassislar fikricha, iqtisodiy faollikning ortishi va biznesning kengayishi mehnat bozorida yangi imkoniyatlarni yaratmoqda. Biroq ishchi kuchi taklifi hanuz ish beruvchilar talabidan tezroq o‘sayotgani sababli bozordagi raqobat yuqori darajada saqlanib qolmoqda.






























Izohlar 0
…