JCH-2026: bugungi ikki 1/8 final o‘yini uchun aniq prognoz...

1–4 iyul kunlari o‘tkazilgan pley-off bahslari bo‘yicha berilgan ketma-ket 11 ta prognozimiz to‘g‘ri chiqdi. Endi e’tibor 6 iyulga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tadigan Braziliya — Norvegiya va Meksika — Angliya uchrashuvlariga qaratiladi.
Futbolda mutlaq kafolat yo‘q. Bir qizil kartochka, penalti yoki VAR qarori butun ssenariyni ag‘darib tashlashi mumkin. Biroq jamoalarning hozirgi holati va o‘yin uslubini hisobga olganda, bugungi tanlovimiz tayyor.
Braziliya — Norvegiya: gollarga boy bahs kutilmoqda
Braziliya oldingi bosqichda Yaponiyani qiyinchilik bilan yengdi. Norvegiya ham Kot-d'Ivuarga qarshi uchrashuvda Erling Xolandning kechki goli orqali keyingi bosqichga chiqdi.
Braziliya turnir davomida hujumda tobora ishonchli harakat qilmoqda. Jamoa Yaponiyaga qarshi yettita aniq zarba yo‘llagan, guruh bosqichidagi har bir uchrashuvda esa kamida besh marta darvoza nishonga olingan. Norvegiya himoyasi hozirgacha mundialda birorta ham quruq o‘yin o‘tkazmadi.
Shu bilan birga, Norvegiyani oddiy raqib deb bo‘lmaydi. Skandinaviyaliklar to‘rt o‘yinda o‘rtacha 2,5 tadan gol urmoqda. Xoland, Antonio Nusa va Aleksander Syorlot Braziliya himoyasiga jiddiy bosim o‘tkazish imkoniyatiga ega. Norvegiyaning turnirdagi barcha bahslarida har ikki jamoa ham gol urgan.
Braziliya to‘pni ko‘proq nazorat qilishi, Norvegiya esa tezkor hujumlar va havodan uzatmalarga tayanishi kutilmoqda. Xoland o‘z imkoniyatini topishi mumkin, ammo tarkib chuqurligi va individual mahorat bo‘yicha ustunlik braziliyaliklar tomonida.
Asosiy prognoz: Braziliya chorakfinalga chiqadi.
Ehtimoliy hisob: Braziliya — Norvegiya 2:1.
Meksika — Angliya: bir gol hal qilishi mumkin
Bu kechaning eng murakkab prognoz qilinishi mumkin bo‘lgan uchrashuvi. Meksika musobaqadagi to‘rt o‘yinning barchasida g‘alaba qozonib, sakkizta gol urdi va hali birorta ham to‘p o‘tkazib yubormadi. Oxirgi bosqichda mezbonlar Ekvadorni 2:0 hisobida mag‘lub etdi.
Angliya esa Kongo DRga qarshi hisobda ortda qola turib, Xarri Keynning gollari yordamida 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Inglizlar mundialda ko‘p vaziyat yaratmoqda, ammo imkoniyatlarni golga aylantirishda har doim ham barqaror emas.
Meksika o‘z maydonidagi muxlislar bosimi va tartibli himoyasi bilan Angliyaga katta muammo tug‘diradi. Shu sabab ochiq va ko‘p golli futboldan ko‘ra, ehtiyotkor taktik kurashni kutish mantiqiy.
Angliyaning asosiy ustunligi — hal qiluvchi vaziyatlarda natija qila oladigan futbolchilarining ko‘pligi. Keyn, Jud Bellingem va Bukayo Saka kabi ijrochilarga bir imkoniyatning o‘zi yetarli bo‘lishi mumkin. Biroq Deklan Rays, Ris Jeyms va Jarrel Kuansa uchrashuv oldidan shubha ostida qayd etilgan.
Meksika himoyada yana uzoq vaqt bardosh berishi mumkin, ammo 90 daqiqa davomida Angliya bosimini to‘liq to‘xtatish oson bo‘lmaydi.
Asosiy prognoz: Angliya chorakfinalga chiqadi.
Ehtimoliy hisob: Meksika — Angliya 0:1.
Yakuniy tanlovimiz
Braziliya — Norvegiya: 2:1
Meksika — Angliya: 0:1
Chorakfinalga chiqadi: Braziliya va Angliya
Eng ishonchli tanlov — aniq hisob emas, balki Braziliya va Angliyaning keyingi bosqichga chiqishi. Aniq hisobda esa risk doim yuqori: to‘p dumaloq, VAR esa ssenaristlikni tashlagani yo‘q.































Izohlar 0
…