Muhammad Salah Liverpul bilan xayrlashuv nutqida jamoadoshlarini ogohlantirdi

Misrlik yulduz Muhammad Salah Liverpul safidagi soʻnggi uchrashuvi oldidan kiyinish xonasida jamoadoshlariga murojaat qilib, Enfilddagi bosim haqida gapirdi. Klub mashgʻulot bazasida oʻtkazilgan taqdirlash marosimida hujumchi Liverpul sharafini himoya qilish qanchalik masʼuliyatli ekanini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, klubdagi hayot natijalarga qarab keskin oʻzgarishi mumkin. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Salah Liverpulni dunyoning eng yaxshi va ayni paytda eng qiyin klubi deb atadi. "Men bugun hissiyotlarga berilmoqchi emasman, chunki ertaga juda hayajonli kun boʻladi. Bu klubda oʻtkazgan har bir daqiqamni qadrlayman. Shuni bilingki, Liverpulda gʻalaba qozonish — hayotingizdagi eng yaxshi narsa. Gʻalaba qozonsangiz, bu dunyoning eng zoʻr klubi, ammo magʻlub boʻlsangiz, eng yomoni. Shuning uchun keyingi yil gʻalaba qozonishingiz shart", — dedi hujumchi.
2017-yilda jamoaga kelib qoʻshilgan Muhammad Salah Mersisaydliklar safida 257 ta gol urib, klub tarixidagi uchinchi eng yaxshi toʻpurarga aylandi. Uning ketishi Liverpul tarixidagi ulkan va muvaffaqiyatli davrning yakunlanishini anglatadi. Misrlik futbolchi deyarli oʻn yil davomida jamoaning asosiy yetakchisi boʻlib keldi.
Jamoa bosh murabbiyi Arne Slot ham Salahning klub tarixidagi va oʻz faoliyatidagi oʻrni haqida toʻxtaldi. Slot oʻzining debyut mavsumidayoq Angliya Premer-ligasi chempionligini qoʻlga kiritishda Muhammad Salahning hissasi beqiyos boʻlganini eʼtirof etdi. Murabbiyning taʼkidlashicha, Salahning gollari va yetakchiligi ushbu muvaffaqiyatning asosiy omili boʻlgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!