date

Garsiya Sarukyanga 40 ming dollar berishdan bosh tortdi

Yarim o‘rta vazn toifasida WBC chempioni Rayan Garsiya va UFC jangchisi Arman Sarukyan o‘rtasidagi 40 ming dollarlik bahs yana muhokama markaziga chiqdi. Amerikalik bokschi Armanga yutqazgan pulini to‘lash niyati yo‘qligini ochiq aytdi.

Mojaro aprel oyida boshlangan. O‘shanda Garsiya Arman Sarukyanning do‘stlaridan birini tanaga berilgan zarba bilan yiqita olmasligiga 40 ming dollar tikilgan. Bokschi ikki marta urinish imkoniyatiga ega bo‘lgan, ammo raqibni yiqita olmagan. Shunga qaramay, yutqazilgan summa haligacha Sarukyanga berilmagan.

Rayan Garsiya Complex nashriga bergan intervyusida nima uchun pul to‘lashdan bosh tortayotganini tushuntirdi. Uning aytishicha, vaziyat avval boshidanoq unga shubhali ko‘ringan. Bokschi dastlab Armanning o‘zini urishni xohlagan, ammo UFC jangchisi bu adolatli bo‘lmasligini aytgan.

“Men unga bir dollar ham bermayman. Arman menga: 'Yo‘q, birodar, bu adolatdan emas, chunki men jangchiman va zarbalardan himoyalana olaman', dedi. Keyin esa to‘satdan qo‘riqchiga o‘xshash tasodifiy odam paydo bo‘ldi. Shu payt menda nimadir noto‘g‘ri degan fikr paydo bo‘ldi”, — dedi Garsiya.

Bokschining ta’kidlashicha, unga faqat ma’lum bir joyga zarba berishga ruxsat berilgan va u vaziyatni to‘liq tushunmagani uchun qattiq urishni istamagan. Garsiya bu shartlar unga noqulay va g‘alati tuyulganini aytdi. Shuning uchun u o‘zini aldangandek his qilgan.

“Men uni bor-yo‘g‘i ikki marta urdim, holbuki uch marta urishim kerak edi. Keyin o‘yladim: 'Yo‘q, bu qandaydir bema’nilik. Menga bu yoqmayapti'. Shundan so‘ng 'mayli, pulni beraman', dedim, lekin ichimda meni aldashdi, deb o‘yladim”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Garsiyaning fikricha, Arman Sarukyan uni ataylab noqulay vaziyatga tushirgan. Shu sabab u 40 ming dollar to‘lash niyatida emas. Hatto bokschi Sarukyanga qarata keskin chaqiriq ham yo‘lladi.

“Arman, eshit. Agar o‘sha pulni olmoqchi bo‘lsang, qani urinib ko‘r. Ular cho‘ntagimda!” — dedi Garsiya.

Bu gaplardan keyin ikki sportchi o‘rtasidagi mojaro yanada qizishi mumkin. Bir tomonda — pulni talab qilayotgan UFC jangchisi, ikkinchi tomonda esa o‘zini “tuzoqqa tushirilgan” deb hisoblayotgan bokschi. Qisqasi, bu yerda 40 ming dollardan ko‘ra ko‘proq narsa — obro‘, xarakter va sportchilar o‘rtasidagi prinsiplar o‘yinga kirgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Garsiya Sarukyanga 40 ming dollar berishdan bosh tortdi