Kerim Alajbegovic: Real Madrid haqida orzu qilayotgan Bosniya futboli javohiri

Edin Dzeko oʻz faoliyatining soʻnggi yillarini oʻtkazayotgan bir paytda, Bosniya futbolida yangi yulduz porlab chiqmoqda. Bayer Leverkusen akademiyasi tarbiyalanuvchisi, 18 yoshli Kerim Alajbegovic nemis futbolidan Avstriyaga koʻchib oʻtgach, oʻzining yorqin oʻyinlari bilan barchaning eʻtiborini tortdi. Oʻtgan yozda Red Bull Salzburg safiga qoʻshilgan hujumkor yarim himoyachi, hali BayArenaʼda debyut qilmasdanoq oʻzining sobiq klubini qayta sotib olish bandini faollashtirishga majbur qildi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Alajbegovic Germaniyaning Kyoln shahrida tugʻilgan boʻlsa-da, oʻz tarixiy vatani Bosniya va Gersegovina sharafini himoya qilishni tanladi. Uning otasi va agenti Semin ham Germaniyaning quyi ligalarida toʻp surgan professional futbolchi boʻlgan. Kerim oʻz faoliyatini 2013-yilda FC Koln akademiyasida boshlagan va sakkiz yildan soʻng mintaqaviy raqib Bayer Leverkusen safiga oʻtgan edi. Bu transfer uning faoliyatida burilish nuqtasi boʻldi.
Leverkuzenliklar safida u 15 yoshidayoq U17 jamoasida porladi. 2024-25-yilgi mavsumda esa U19 jamoasi tarkibida 13 ta oʻyinda 14 ta samarali harakat amalga oshirib, jami 28 ta gol va assist qayd etdi. Bunday koʻrsatkichlar Red Bull Salzburg skautlarini befarq qoldirmadi. Garchi u Bayer Leverkusen asosiy jamoasida maydonga tushmagan boʻlsa-da, Xabi Alonso uni bir necha bor Bundesliga va Chempionlar ligasi qaydnomalariga kiritgan edi.
Hozirda yosh iqtidor egasiga Yevropaning koʻplab grand klublari qiziqish bildirmoqda. Bayer Leverkusen uni qayta sotib olgach, darhol kattaroq summaga pullashi ham ehtimoldan xoli emas. Futbolchining oʻzi esa kelajakda Real Madrid libosini kiyishni orzu qilishini yashirmaydi. Bosniyalik muxlislar esa 2026-yilgi Jahon chempionatida aynan Alajbegovic va Dzeko tandemidan katta natijalar kutishmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!