Nurislom Ismoilov WBC Eurasia kamarini qo‘lga kiritdi (video)

O‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasi Nurislom Ismoilov professional boksdagi navbatdagi jangini muvaffaqiyatli o‘tkazdi. 24 yoshli hamyurtimiz Toshkentda tashkil etilgan prof boks oqshomida tanzaniyalik Lupakisyo Shotiga qarshi ringga ko‘tarildi.
Super o‘rta vazn toifasidagi 10 raundlik bahs WBC Eurasia kamari uchun kechdi. Jang davomida Ismoilov raqibiga nisbatan faolroq, aniqroq va ishonchliroq harakat qildi. Yakunda o‘zbek bokschisi o‘ninchi raundda texnik nokaut orqali g‘alaba qozondi.
Bu g‘alaba Nurislom Ismoilov uchun professional ringdagi to‘qqizinchi muvaffaqiyat bo‘ldi. E’tiborlisi, u haligacha mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda — 9 ta jang, 9 ta g‘alaba. Tanzaniyalik 26 yoshli Lupakisyo Shoti esa faoliyatidagi 11-jangida ikkinchi mag‘lubiyatini qabul qilib oldi.
Shu tariqa, Nurislom Ismoilov super o‘rta vazn toifasida WBC Eurasia kamari sohibiga aylandi. Uning hisobida avvaldan WBC CISBB kamari ham bor edi. Bu natija hamyurtimizning xalqaro maydondagi mavqeini yanada mustahkamladi.
Ismoilovning navbatdagi g‘alabasi o‘zbek boksi uchun yana bir yoqimli xabar bo‘ldi. U ringda sovuqqonlik, kuch va xarakter namoyish etib, katta janglarga tayyor ekanini ko‘rsatdi. Endi muxlislar Nurislomdan yanada yirik bahslar va yangi kamarlarni kutishga haqli.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!