O‘zbekistonlik yosh kurashchilar Osiyo chempionatida beshta medal oldi

Vetnamda sport kurashlari bo‘yicha U-17 yosh toifasidagi Osiyo chempionati davom etmoqda. Qit’a birinchiligining navbatdagi kuni ham O‘zbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli o‘tdi. Yunon-rum va qizlar kurashi bahslarida hamyurtlarimiz jami 5 ta medalga sazovor bo‘ldi.
Kunning eng yorqin natijasi -80 kg vazn toifasida ishtirok etgan Abdulaziz Xolmirzayev hisobiga yozildi. U barcha raqiblarini ortda qoldirib, oltin medal sohibi bo‘ldi. Shuningdek, -65 kg vaznda kurashgan Sardor Mahmudov finalgacha yetib borib, kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Bronza medallarini esa -71 kg vaznda Qodirjon Fozilov, -40 kg vaznda Zaytuna Saparova va -61 kg vaznda Siysagul Sarsenbayeva terma jamoamiz hisobiga qo‘shib qo‘ydi. Bu natijalar yosh polvonlarimizning xalqaro maydonda tobora toblanib borayotganini ko‘rsatadi.
Yakunda yunon-rum kurashi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi 161 ochko jamg‘ardi va umumjamoa hisobida Erondan keyin ikkinchi o‘rinni egalladi. Bu natija yoshlar kurashida O‘zbekiston maktabi qit’a miqyosida ham kuchli raqobatchi ekanini yana bir bor isbotladi.
Qisqasi, Vetnamdagi U-17 Osiyo chempionatida o‘zbekistonlik yosh kurashchilar 1 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi. Bu hali katta yo‘lning boshi — bu bolalar ertaga kattalar maydonida ham “biz keldik” deb qo‘yadigan avloddan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!