O‘zbekistonlik hakamlar Jahon chempionatiga kuzatildi

Bugun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida Ilgiz Tantashev boshchiligidagi hakamlar brigadasini FIFA Jahon chempionatiga kuzatish oldidan maxsus uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda O‘FA mutasaddilari ishtirok etib, hakamlarimizni tarixiy musobaqa oldidan samimiy qutladi va ularga omad tiladi.
O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov o‘z nutqida bu voqea o‘zbek futboli uchun juda katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, terma jamoa va hakamlar brigadasining bir vaqtning o‘zida Jahon chempionatida ishtirok etishi odatda futboli rivojlangan davlatlarga xos holat hisoblanadi. Bugun esa O‘zbekiston ham ana shunday mamlakatlar safidan joy olmoqda.
“Siz u yerda O‘zbekiston nomidan maydonga chiqasiz va millionlab futbol muxlislarida yurtimiz haqida taassurot qoldirasiz. Albatta, mas’uliyat va bosim yuqori bo‘ladi. Ammo sizlarning bu sinovlarni munosib yengib o‘tishingizga ishonaman”, — dedi Ravshan Ermatov.
U shuningdek, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, hakamlarning ustozlari va butun futbol jamoatchiligi ularni doimo qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Bu ishonch hakamlarimiz uchun katta ruhiy kuch bo‘lishi shubhasiz. Chunki Jahon chempionatida har bir qaror, har bir hushtak va har bir epizod ulkan e’tibor markazida bo‘ladi.
Ilgiz Tantashev boshchiligidagi hakamlar brigadasining mundialda ishtirok etishi o‘zbek hakamlik maktabi uchun ham katta e’tirofdir. Bu nafaqat shaxsiy muvaffaqiyat, balki mamlakat futbolidagi o‘sish, ishonch va xalqaro maydondagi obro‘ning belgisi hisoblanadi.

Tadbir yakunida hakamlar brigadasi bilan esdalik suratga tushildi va ularga FIFA Jahon chempionatidagi faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilab qolindi. Qisqasi, o‘zbek futboli uchun yana bir tarixiy sahifa ochilmoqda — bu safar maydonda faqat futbolchilarimiz emas, hakamlarimiz ham yurtimiz nomidan mas’uliyatli vazifani bajaradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!