Luis Enrike PSJ bilan o‘n ikkinchi sovrinini qo‘lga kiritdi

“PSJ” bosh murabbiyi Luis Enrike Parij klubidagi faoliyatida navbatdagi katta yutuqqa erishdi. Ispaniyalik mutaxassis jamoa bilan Chempionlar ligasida ketma-ket ikkinchi bor g‘olib chiqib, “PSJ”dagi sovrinlari sonini 12 taga yetkazdi.
Parijliklar finalda Londonning “Arsenal” klubiga qarshi maydonga tushdi. Asosiy vaqt 1:1 hisobida yakunlanganidan so‘ng, g‘olib nomi penaltilar seriyasida aniqlandi. Unda “PSJ” 4:3 hisobida ustun kelib, Yevropa futbolida yana bir bor o‘z hukmronligini namoyish etdi.
Luis Enrike “PSJ” bilan uch marta Fransiya chempionati va mamlakat Superkubogini, ikki martadan Fransiya kubogi hamda Chempionlar ligasini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, u parijliklar bilan UYEFA Superkubogi va Qit’alararo kubokda ham zafar quchdi.
Umumiy hisobda Enrikening murabbiylik faoliyatidagi sovrinlari soni 21 taga yetdi. U avval “Barselona” bilan ham ulkan muvaffaqiyatlarga erishgan. Kataloniya klubi bilan uch marta Ispaniya kubogi, ikki marta La Liga, bir martadan Ispaniya Superkubogi, Chempionlar ligasi, UYEFA Superkubogi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib bo‘lgan.
Qisqasi, Luis Enrike yana bir bor katta finallar murabbiyi ekanini isbotladi. “PSJ” uning qo‘l ostida nafaqat Fransiyada, balki Yevropada ham barqaror chempionlik darajasiga chiqdi. Endi Parijda gap bitta: bu jamoa shunchaki g‘alaba qozonmayapti, tarix yozyapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!