date

Real Madrid va Vinicius Junior oʻrtasidagi vaziyat keskinlashmoqda

Real Madrid va Vinicius Junior oʻrtasidagi vaziyat keskinlashmoqda

Real Madrid yulduzi Vinicius Juniorning kelajagi borasidagi noaniqlik Jahon chempionati yaqinlashgani sayin kuchayib bormoqda. Ispaniyaning As nashri xabariga koʻra, futbolchining shartnomasi yakunlanishiga oz vaqt qolayotgan boʻlsa-da, AQSH, Meksika va Kanadada oʻtadigan turnir boshlangunga qadar muzokaralarda siljish kutilmayapti. 2027-yilgacha moʻljallangan amaldagi kelishuvni uzaytirish boʻyicha muloqotlar oʻtgan yilgi Klublar oʻrtasidagi jahon chempionatidan beri toʻxtab qolgan. Bu haqda Goal.com xabar beradi.

Boʻlajak mundial futbolchining bozor qiymatiga bevosita taʼsir qiladi va bu Real Madrid rahbariyatining rejalarini oʻzgartirib yuborishi mumkin. Agar 23 yoshli hujumchi Braziliya terma jamoasi safida yorqin oʻyin koʻrsatsa, uning maosh borasidagi talablari yanada oshadi. Boshqa klublar esa shartnoma muddati kam qolganidan foydalanib, uni nisbatan arzonroq narxda sotib olishga harakat qilishlari mumkin. Bu holat Vinicius Juniorga yangi shartnoma borasida Madrid klubi bilan savdolashishda ustunlik beradi.

Dastlab vinger yiliga 28 million yevro maosh soʻragan edi, biroq keyinchalik bu talabini kamaytirib, jamoaga yangi kelgan Kylian Mbappe bilan bir xil (taxminan 14 million yevro) maosh olishga rozi boʻlgan. Biroq klubdagi ichki oʻzgarishlar va murabbiylar almashinuvi jarayonni sekinlashtirdi. Xabi Alonso davrida oʻzini qadrsizlangandek his qilgan futbolchi, Alvaro Arbeloa kelgach biroz tinchlangandi. Endilikda jamoani Joze Mourinyo qabul qilib olishi kutilayotgani vaziyatni yanada mavhumlashtirmoqda.

Klub prezidenti Florentino Perez TVE kanaliga bergan intervyusida Vinicius Juniorning qolishi haqidagi savolga ehtiyotkorlik bilan javob berdi: "Bilmadim. Mening fikrimcha, u qolishi kerak, chunki u dunyoning eng yaxshilaridan biri". Agar hujumchi Jahon chempionatida muvaffaqiyatsiz ishtirok etsa, klub uning maoshini oshirmaslik imkoniga ega boʻladi. Aksincha, agar tomonlar xayrlashishga qaror qilsa, yomon oʻyin uning transfer narxini tushirib yuborishi va oʻrniga munosib oʻrinbosar sotib olish uchun mablagʻ yetishmasligiga sabab boʻlishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Real Madrid va Vinicius Junior oʻrtasidagi vaziyat keskinlashmoqda