Tottenxem Lukas Bergvall uchun Nyukasl taklif qilgan 46 million funtni rad etdi

Londonning Tottenxem klubi oʻzining iqtidorli yarim himoyachisi Lukas Bergvall borasidagi yirik taklifni rad etdi. Goal.com nashri tarqatgan maʼlumotlarga koʻra, Nyukasl yosh shvetsiyalik futbolchi uchun 46 million funt sterling miqdorida mablagʻ taklif qilgan, biroq "shporlar" rahbariyati ushbu kelishuvga rozilik bermagan. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Maʼlum boʻlishicha, 20 yoshli futbolchining oʻzi jamoada kam oʻyin amaliyotiga ega boʻlayotganidan xavotirda va boshqa klubga oʻtish variantlarini koʻrib chiqishga tayyor. Shunga qaramay, Tottenxem rahbariyati va futbolchi oʻrtasida uning kelajagi borasida hali aniq muloqot boʻlib oʻtmagan. Bergvall yoz boshida klub rahbarlariga asosiy tarkibdagi oʻrni borasida xavotirlarini bildirgan edi.
Raqobat va murabbiy oʻzgarishi
Oʻtgan mavsumda Bergvall barcha turnirlarda 33 ta oʻyinda maydonga tushgan boʻlsa-da, mart oyida Roberto De Zerbi jamoaga kelganidan soʻng uning holati oʻzgardi. U yangi murabbiy qoʻl ostida faqat bir marta asosiy tarkibda maydonga tushdi. Mavsumning soʻnggi oltita oʻyinida esa bor-yoʻgʻi 51 daqiqa harakat qilgan, xolos.Vaziyatni yanada murakkablashtirayotgan jihat shundaki, Tottenxem joriy transfer oynasida markaziy yarim himoya chizigʻini kuchaytirish uchun qariyb 200 million funt sarfladi. Xususan, Nyukasl jamoasidan Sandro Tonali va Vest Xemdan Mateus Fernandesning transfer qilinishi Bergvall uchun asosiy tarkibga kirish imkoniyatlarini yanada kamaytirishi mumkin.
Uzoq muddatli shartnoma va xalqaro eʼtirof
Tottenxemning Nyukasl taklifini rad etishi klub hali ham yosh futbolchini qadrlashidan dalolat beradi. Qolaversa, Bergvallning amaldagi shartnomasi 2031-yilgacha moʻljallangan, bu esa London klubiga muzokaralarda ustunlik beradi. 2024-yilda Shvetsiyaning Yurgorden klubidan 8,5 million funt evaziga kelgan futbolchi hozirga qadar Londonliklar safida 78 ta oʻyin oʻtkazishga ulgurdi.Lukas Bergvall xalqaro maydonda ham oʻzini koʻrsatishga ulgurdi. U Shvetsiya terma jamoasi safida oʻtgan jahon chempionatida ishtirok etib, turnir tarixidagi eng yosh shvetsiyalik futbolchiga aylandi. Hozirda uning hisobida terma jamoa safida 14 ta oʻyin mavjud. Ayni damda Nyukasl bilan bir qatorda Nottingem Forest ham futbolchiga qiziqish bildirmoqda.






























Izohlar 0
…