23:59 / 25.04.2017
5 247

Fillip Rayevas: Qo‘qondagi kabi fidoyi muxlislarni hali ko‘rmagandim

Fillip Rayevas: Qo‘qondagi kabi fidoyi muxlislarni hali ko‘rmagandim
Ochig‘i, ancha yildan beri Oliy liga startida bunday manzaraga guvoh bo‘lmagandik. O‘ziga xos shov-shuv ko‘targan jamoalardan biri bu «Qo‘qon-1912» klubidir. No‘’mon Hasanov shogirdlari o‘tkazilgan 7ta o‘yinning bor-yo‘g‘i bittasida mag‘lubiyat alamini tatib ko‘rishdi. Jamoa hisobida 4 ta g‘alaba va 2 ta durang bor.

O‘zbek futbolining tamal toshi qo‘yilgan shahar jamoasining bugungi muvaffaqiyatlariga Filipp Rayevas ham munosib ulush qo‘shib kelyapti. Serbiyalik hujumchi 4 ta gol bilan oliy liga to‘purarlari safida bormoqda. Biz bir necha bor turning eng yaxshi futbolchilari qatorida e’tirof etilgan ­Rayevasdan intervyu oldik.

- Filipp, sizning so‘nggi jamoangiz Serbiyaning «OFK» klubi edi. qanday qilib «Qo‘qon-1912» safida paydo bo‘ldingiz?


- Meni shaxsan jamoa bosh murabbiyi No‘’mon Hasanovning o‘zi taklif qilgan. U kishining Serbiyada do‘sti bor ekan. Aynan u meni tavsiya qilgan. Shu tariqa, O‘zbekistonga keldim va murabbiylar ko‘rigidan muvaffaqiyatli o‘tdim. Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan «Hokim kubogi-2017» musobaqasi doirasidagi 4ta o‘yinda maydonga tushib, 5ta to‘p kiritdim. Shundan so‘ng menga klub rahbariyati shartnoma taklif qildi. «qo‘qon-1912» jamoasi bilan bir yillik bitimga imzo chekdim.

- Mavsum siz va «Qo‘qon-1912» uchun omadli boshlandi. Jamoangiz peshqadamlar safida boryapti. Bunday startni kutganmidingiz?

- Har bir jamoa maydonga faqat ijobiy natijani ko‘zlab tushadi. Ayniqsa, legioner futbolchi uchun g‘alaba va uriladigan gollarning ahamiyati juda yuqori bo‘ladi. Ko‘z tegmasin, mavsum biz uchun omadli o‘tyapti. Lekin hali oldinda jiddiy sinovlar kutib turibdi. Kuchli klublarga qarshi o‘tkaziladigan o‘yinlar bor. Jamoaning asl kuchi shunda bilinadi.

- Hozir qayerda yashayapsiz?

- Mehmonxonada.

- O‘zbekiston qanday taassurot qoldiryapti?

- Bu erga kelishimdan oldin O‘zbekiston haqida eshitgandim. Chempionatingizda o‘ynaydigan serbiyalik futbolchilardan ham ma’lumotlar so‘ragandim. O‘zim kelib guvohi bo‘ldim va eshitganlarim ortig‘i bilan to‘g‘ri ekaniga amin bo‘lyapman. Eng muhimi, mamlakat tinch. Yarim kechasi ham do‘stlaringiz va yaqinlaringiz bilan ko‘chada bemalol sayr qilib yurishingiz mumkin. O‘zbekistonga ko‘z tegmasin. Yurtingiz juda ham go‘zal. Odamlari xushmuomala. Mehmondo‘stligi alohida mavzu. Bu erdagi taomlarni boshqa hech qayerda ko‘rmaganman. Faoliyatim mobaynida Serbiya, Polsha klublarida o‘ynadim. Lekin bu erdagi taassurotlarim hammasidan yaxshi.

- Jamoada sizni yaxshi qarshi olishdimi?


- Juda iliq tarzda kutib olishdi. O‘zbekiston chempionatida hamyurtlarim Darko va Nikola ham to‘p surishyapti. Zerikishga vaqt yo‘q. Bo‘sh vaqt bo‘ldi deguncha ular bilan gaplashaman.

- Bosh murabbiy haqida fikringiz qanday?

- No‘’mon Hasanov futbolchi sifatida katta obro‘ga ega bo‘lganligini bilaman. Bu uning eng katta yutug‘i. Futbolchilarni tushunadi va shu bilan birga fikrini tushuntirib ham bera oladi. Biror muammoga duch kelsam ham tezda hal qilib beradi. Bir so‘z bilan aytganda, juda yaxshi murabbiy va inson.

- Kutilmagan natijalar haqida nima deya olasiz?

- Bu erga kelganimda menga «Lokomotiv», «Nasaf», «Bunyodkor», «Paxtakor» jamoalarining kuchli ekanligi va sovrinli o‘rinlar uchun kurash aynan mana shu 4ta klub o‘rtasida kechishini aytishgandi. Lekin hozircha bunday bo‘lmayapti. «Lokomotiv» mustasno. Chempionatda kutilmagan natijalarning qayd etilishi muxlislarning o‘yinlarga qiziqishini yana ham oshiradi. Shu o‘rinda «Qo‘qon-1912» jamoasi ishqibozlarini alohida tilga olishim shart. Bunday fidoyi muxlislarni hali o‘zim o‘ynagan klublarda ko‘rmagandim. Aslida 6-turdan so‘ng biz turnir jadvalida peshqadamlik qilishimiz kerak edi. Afsuski, «Mash’al» bilan o‘yinda qimmatli ikki ochkodan mahrum bo‘ldik. «Mash’al»ning avvalroq «Paxtakor»ni yirik hisobda mag‘lub etganini inobatga olsak, biz qayd etgan natija ham yomon emas. Faqat oxirgi daqiqalarda gol o‘tkazib, g‘alabadan mahrum bo‘lganimiz alam qildi.

- Nima uchun boshqa sport turini emas, aynan futbolni tanlagansiz?

- Boisi, menda boshqa tanlovning o‘zi yo‘q. Otam ham o‘z vaqtida futbolchi bo‘lganlar. Oilaviy muhit ta’sirida men ham to‘p tepa boshlaganman. Katta futboldagi ilk muvaffaqiyatlarimga «Buduchnost» klubida erishganman. Legioner sifatida Polshada o‘ynadim. O‘zbekistonga kelgunimga qadar Serbiyaning «OFK» jamoasi sharafini himoya qilgandim. «OFK» klubi Serbiyada «Srvena Zvezda», «Partizan» kabi mashhur jamoalar bilan bir qatorda tilga olinadi. Aleksandr Kolarov, Branislav Ivanovich kabi mashhur futbolchilarni etkazib bergan.

- Qaysi o‘yinchilarga havas qilasiz?

- Robert Levandovski va Fernando Torres. Bu hujumchilarning o‘yiniga tan beraman. Ulardan o‘rganadigan jihatlar ko‘p.

- Klublardan-chi?

- Bolaligimdan «Yuventus» muxlisiman....

Manba: interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Fillip Rayevas: Qo‘qondagi kabi fidoyi muxlislarni hali ko‘rmagandim