Argentina va Avstriya o‘yinida Messi biz bilmagan golni urdi

Lionel Messini faoliyatining ilk yillaridan beri kuzatib kelaman. Shu vaqt ichida uning deyarli barcha turdagi gollarini ko‘rdik. Ayrim vaziyatlarda harakatidanoq bu aynan Messi ekanini bilib olish mumkin.
Jazoirga qarshi o‘yinda urgan birinchi va uchinchi gollari shunday edi. To‘pni o‘ziga moslab olishi, zarba uchun bir lahzada joy topishi va darvozabonga imkoniyat qoldirmasligi Messiga juda xos. Ikkinchi goli kamroq uchraydigan usulda urilgan bo‘lsa-da, uning faoliyatida bunday holatlarni ham topish mumkin.
Avstriyaga qarshi birinchi golida ham tanish Messini ko‘rdik. Hatto penaltidan foydalana olmasligi ham uni uzoq yillardan beri kuzatadiganlar uchun mutlaqo kutilmagan voqea emas. Uning penaltilarni golga aylantirish ko‘rsatkichi 72 foizni tashkil etadi. Penaltining o‘rtacha kutilgan gol ko‘rsatkichi 0,79 ekanini hisobga olsak, Messi bu borada o‘rtacha natijadan ham pastroq ko‘rsatkich qayd etgan.
U Iordaniyaga qarshi boshi bilan gol ursa ham hayron qolmayman. Chunki Messi faoliyati davomida hal qiluvchi o‘yinlarda bunday gollarni ham urgan.
Lekin Avstriya darvozasiga kiritilgan ikkinchi gol boshqacha edi. Hujum boshida u Xulian Alvaresga uzatma berdi. Bu harakatda odatdagi Messi ko‘rindi: vaziyatni tez baholash, sherigini topish va hujumni qulay yo‘nalishga burish.
Alvaresning zarbasi to‘silgach, Messi epizodni tugadi deb hisoblamadi. U qaytgan to‘p ortidan yana yugurdi, ikki raqib orasiga kirdi va juda noqulay holatdan zarba berishga ulgurdi. Bu yerda asosiysi mahoratli kombinatsiya emas, gol urishga bo‘lgan qattiq istak edi.
Messini ko‘pincha maydonni boshqaradigan, kuchini tejaydigan va kerakli vaqtda harakatga qo‘shiladigan futbolchi sifatida ko‘rganmiz. Bu safar esa u oddiy hujumchi kabi qaytgan to‘p uchun oxirigacha kurashdi.
Avstriyaga qarshi ikkinchi gol shu jihati bilan ajralib turdi. Uni maydondagi daho emas, golga nihoyatda tashna futbolchi urdi. Messining bunday holatini kam ko‘rganmiz. Eng qizig‘i, uning hali ham gol uchun shu darajada kurashayotganidir.































Izohlar 0
…