Konseysau: «O‘zbekiston bizga qarshi qanday taktikada o‘ynashini bilaman»

Bugun butun o‘zbek futboli ishqibozlari intiqlik bilan kutayotgan o‘sha hayajonli kun yetib keldi. JCH-2026 guruh bosqichining 2-turi doirasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Portugaliyaga qarshi maydonga tushadi. Ushbu hayotiy muhim bahs oldidan raqib jamoa yarim himoyachisi Fransishku Konseysau The Touchline nashriga intervyu berib, vakillarimizning taktikasi va o‘yin strategiyasi haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
O‘zbekistonning «mustahkam qo‘rg‘oni» raqib nazarida
Portugaliyalik futbolchi terma jamoamizning kuchli tomonlarini yaxshi o‘rganganini va bugungi uchrashuv ular uchun oson kechmasligini yashirib o‘tirmadi. Ayniqsa, vakillarimizning himoyadagi tartibli va zich o‘yiniga alohida urg‘u berdi:
«Men O‘zbekiston milliy terma jamoasining o‘yinda qo‘llaydigan strategiyasini yaxshi bilaman. Ular bizning birinchi golimizni maksimal darajada kechiktirishga harakat qiladi. Buning uchun juda yaxshi tashkil etilgan, besh nafar futbolchidan iborat himoya chizig‘idan foydalanadi. Bu chiziq juda ixcham va bir-birini tushunib o‘ynaydi», — dedi Fransishku Konseysau.
Konseysauning bu e’tirofidan ko‘rinib turibdiki, Portugaliya murabbiylar shtabi vakillarimizning himoyalanish taktikasini sinchkovlik bilan tahlil qilgan va ularga qarshi jiddiy tayyorgarlik ko‘rgan.
Bugun — Hal qiluvchi bahs!
«K» guruhidagi keyingi taqdirni belgilab beruvchi Portugaliya — O‘zbekiston uchrashuvi bugun, 23 iyun kuni bo‘lib o‘tadi.
Mazkur shiddatli to‘qnashuv Toshkent vaqti bilan soat 22:00da start oladi. Milliy jamoamiz futbolchilariga yashil maydonda portugaliyalik yulduzlarning hujumlarini muvaffaqiyatli qaytarib, yurtimiz muxlislariga unutilmas tarixiy natija tuhfa etishlarida omad tilaymiz! Muxlislik qilishda davom etamiz!































Izohlar 0
…