Nuno Mendesh O‘zbekistonga urgan ajoyib golining sirini ochdi

Nuno Mendesh O‘zbekistonga urgan ajoyib golining sirini ochdi

Portugaliya terma jamoasi himoyachisi Nuno Mendesh Jahon chempionati guruh bosqichida O‘zbekistonga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda urgan chiroyli goli haqida fikr bildirdi.

Portugaliyalik futbolchi bahsning 17-daqiqasida jarima zarbasini to‘g‘ridan to‘g‘ri darvozaga yo‘llab, hisobni o‘zgartirgan edi. Qizig‘i, o‘sha vaziyatda to‘p oldida jarima zarbalarining mohir ijrochisi Krishtianu Ronaldu ham turgandi. Ammo raqib kutmagan holda zarbani Mendesh amalga oshirdi.

Futbolchining aytishicha, bu kombinatsiya tasodifan yuzaga kelmagan. Portugaliya terma jamoasi uni mashg‘ulotlarda maxsus tayyorlagan.

«Biz buni mashg‘ulotlarda ishlab chiqqanmiz. Odatda hamma jarima zarbasini Krishtianu ijro etadi, deb o‘ylaydi. Kelajakda ham ushbu usuldan foydalanishimiz mumkin. Balki zarbani men emas, boshqa futbolchi yo‘llar, ammo bu yana ish berishi mumkin», — dedi Mendesh.

Himoyachi O‘zbekistonga qarshi o‘yinda Portugaliya futbolchilari uchrashuvning barcha daqiqalarida yuqori darajadagi diqqatni saqlab qolganini ham ta’kidladi.

«Biz juda xursandmiz. O‘yin davomida to‘liq diqqatimizni jamladik. Endi yaxshi tiklanib, keyingi bahsga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak. Maqsadimiz — guruhda birinchi o‘rinni egallash», — dedi u.

Nuno Mendesh terma jamoa atrofidagi tanqidlarga ham munosabat bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bosim va tanqid professional futbolning ajralmas qismi hisoblanadi.

«Tanqid futbolning bir qismi. Biz bunga ko‘nikib qolganmiz. Jamoada barcha bir-biriga yordam beradi va har qanday bosimga tayyor. Eng muhimi — murabbiy talab qilayotgan o‘yinni namoyish etish va o‘z g‘oyamizga sodiq qolish», — deya qo‘shimcha qildi Portugaliya terma jamoasi himoyachisi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar