9 ming metr balandlikda yo‘lovchi samolyot eshigini ochmoqchi bo‘ldi

9 ming metr balandlikda yo‘lovchi samolyot eshigini ochmoqchi bo‘ldi
Qisqacha

Malayziyadan Hindistonga uchayotgan samolyotda 36 yoshli Jamshir Atanikal taxminan 9 ming metr balandlikda favqulodda chiqish eshigini ochishga urindi. U yo'lovchilar va ekipaj a'zolariga tahdid qilgan, illyuminator paneliga ham shikast yetkazgan. Ekipaj va bir necha yo'lovchi uni to'xtatib, qo'llarini bog'lagan; Jamshir 12A o'rindig'ida o'tirgan. Samolyot Kochi aeroportiga qo'ngach, u hibsga olinib, odam o'ldirishga urinish bilan bog'liq ayblov qo'yildi.

Malayziyadan Hindistonga uchayotgan yo‘lovchi samolyotida kutilmagan hodisa sodir bo‘ldi. 36 yoshli yo‘lovchi parvoz vaqtida favqulodda chiqish eshigini ochishga uringan. Bu haqda The Sun xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Jamshir Atanikal ismli erkak samolyot taxminan 9 ming metr balandlikda harakatlanayotgan vaqtda favqulodda chiqish lyukini ochishga harakat qilgan. Hodisa aks etgan videolar esa keyinchalik ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan.

Kadrlarda Batik Air aviakompaniyasi xodimlari sarosimaga tushgan yo‘lovchilar ko‘z o‘ngida erkakni to‘xtatishga urinayotgani ko‘rinadi. Jamshir lyukni ochishga harakat qilgan paytda atrofidagi insonlarga ham tahdid qilgan.

Oxir-oqibat ekipaj a’zolari va bir necha yo‘lovchi birgalikda uni to‘xtatishga muvaffaq bo‘lgan. Erkak zararsizlantirilib, qo‘llari bog‘langan va samolyot qo‘nishini kutishga majbur qilingan.

Kochi aeroporti politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, voqea soat 21:30 dan 23:00 gacha davom etgan parvoz vaqtida yuz bergan. Jamshir 12A o‘rindig‘ida o‘tirgan bo‘lgan.

Politsiyaning ta’kidlashicha, u hech qanday aniq sababsiz favqulodda chiqish eshigini ochishga uringan va hatto illyuminator paneliga ham shikast yetkazgan. Shuningdek, uni to‘xtatishga harakat qilgan yo‘lovchilar va ekipaj a’zolariga tahdidlar bildirgan.

Hodisadan keyin politsiya tomonidan so‘roq qilingan Jamshir o‘z harakatini “o‘sha lahzada shunday qilgisi kelgani” bilan izohlagan. U, shuningdek, parvoz vaqtida o‘lishni istaganini aytgan.

Biroq tergov jarayonida erkak yangi tug‘ilgan farzandini ko‘rish maqsadida uyiga qaytayotgani ham aniqlangan.

Samolyot Kochi aeroportiga qo‘nganidan keyin Jamshir hibsga olindi. Uning harakatlari samolyot bortidagi insonlarning hayotiga jiddiy xavf tug‘dirgani sababli unga odam o‘ldirishga urinish bilan bog‘liq ayblov qo‘yilgan.

Parvoz ekipaji esa Malayziyaga qaytib ketgan. Ular hodisa yuzasidan ko‘rsatma berishi kutilmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar